1950 yildan boshlab har yili 10 dekabr butun dunyoda “Xalqaro inson huquqlari kuni” sifatida nishonlanadi. Sababi 1948 yil ayni shu sanada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan.
Oradan 73 yil o‘tganiga qaramay, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bugungi kunda ham inson huquqlarini himoya qiluvchi va kafolatlovchi dunyodagi eng asosiy va universal hujjat hisoblanadi. Unda har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, e’tiqod va so‘z erkinligi, fuqarolikka ega bo‘lish, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila qurish, mehnat qilish va dam olish, mulkka egalik qilish, ta’lim olish, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish kabi asosiy huquqlari kafolatlangan.
Deklaratsiya dunyoning 500 dan ortiq tiliga tarjima qilingani ham uning muhim ahamiyatga egaligidan dalolat beradi.
Xalqaro inson huquqlari kuni mamlakatimizda ham keng nishonlanadi. Ayniqsa, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi uchun bu sana alohida ahamiyatga ega. 2020 yildan boshlab har yili 10 dekabrda inson huquqlari sohasi faollarini rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirilmoqda.
Ayniqsa, joriy yilda Xalqaro inson huquqlari kunini o‘zgacha intiqlik bilan kutmoqdamiz. Birinchidan, 2021 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 73 yilligi nishonlansa, ikkinchidan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganining 25 yilligi bayram qilinadi.
Shu munosabat bilan Milliy markaz joriy yilning 10 noyabridan 10 dekabriga qadar “Inson huquqlari oyligi”ni e’lon qildi va belgilangan dastur asosida bir qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.
“Inson huquqlari oyligi” doirasida tashkil etilayotgan anjumanlar, davra suhbatlari va konferensiyalar aholining huquqiy madaniyatini oshirishda, jamiyatda inson huquq va erkinliklari daxlsizligini ta’minlashda, sohaga oid istiqbolli rejalarni muhokama qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamidullo MO‘MINOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyati bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 07.12.2021
- Ko'rishlar: 3736
- Chop etish