BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YuNESKO Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1945 yil 16 noyabrda tuzilgan bo‘lib, 1946 yil 4 noyabr kuni YuNESKOning Nizomi kuchga kirgan. Xuddi shu sana butun dunyoda YuNESKO tashkil topgan kun sifatida nishonlanadi.
YuNESKOning asosiy maqsadi – ta’lim, fan, madaniyat, kommunikatsiyalar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashishdir. Mazkur xalqaro tashkilot yalpi savodsizlikka qarshi kurashish, maorif tizimini rivojlantirish, milliy madaniyatlarni o‘rganish, atrof-muhit va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish kabi keng qamrovli masalalarni hal etishda ham katta hissa qo‘shib kelmoqda.
YuNESKOga 191 mamlakat (2006), shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi a’zodir. Mazkur tashkilot tomonidan tuzilgan Jahon merosi ro‘yxatiga yer yuzidagi 830 ta tabiiy va madaniy ob’ektlar kiritilgan (2006).
YuNESKO doirasida O‘zbekistonda ko‘plab ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Abu Rayhon Beruniy (1973), Abu Ali ibn Sino (1980) tavalludining 1000 yillik, Mirzo Ulug‘bek (1994) tavalludining 600 yillik, Amir Temur (1996) tavalludining 660 yillik tantanalari keng nishonlangan. Xiva (1997), Buxoro (1997), Termiz (2002) shaharlarining 2500 yilligi, Shahrisabzning 2700 yilligi (2002) munosabati bilan maxsus dasturlar doirasida yirik tadbirlar uyushtirilgan. Imom Buxoriy, Ahmad Farg‘oniy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband kabi qator siymolarning yirik tavallud sanalari O‘zbekistonda YuNESKO shafeligida keng nishonlangan.
Keyingi davrda O‘zbekiston va YuNESKO o‘rtasidagi amaliy muloqot izchil rivojlanib, sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda YuNESKO tomonidan O‘zbekiston uchun birinchi marta qabul qilingan Mamlakat dasturi doirasida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.
Jahonning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish va jalb etish maqsadida yurtimizda YuNESKO kafedralari tarmog‘i kengaymoqda. O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida "Dunyo dinlarini qiyoslama tadqiq etish", "Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi", "Madaniyat turizmi" kabi kafedralar ochilgan.
Xalqimizning noyob madaniy-tarixiy merosini asrash sohasida hamkorlikni yanada faollashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. YuNESKO ko‘magida mamlakatimizda "Sharq taronalari", baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, “Maqom san’ati” anjumani kabi qator yirik xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun: YuNESKOning Parij shahridagi Bosh qarorgohi 1958 yil 3 noyabrda ochilgan. Ushbu bino Parij shahridagi Sena daryosining so‘l qirg‘og‘ida joylashgan. Lotincha “Y” belgisiga o‘xshash bino loyihasi Xalqaro me’morlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda AQShdan Marsel Breyer, Italiyadan Per Luidji Nervi va Fransiyadan Bernar Zerfyus kabi arxitektorlar ishtirok etishgan. Bino arxitekturasi ham o‘ziga xos bo‘lib, u 72 ta beton ustun ustiga o‘rnatilgan. Uchta korpusdan tashkil topgan binoning 1068 ta derazasi barcha xonalariga yetarli miqdorda yorug‘lik tushishini ta’minlaydi.
Odri Azule – 2017 yil 15 noyabrdan buyon YuNESKOning Bosh direktori lavozimida faoliyat olib bormoqda.
U 1972 yil 4 avgustda Parijda tug‘ilgan. 2000 yilda Fransiya administratsiyasi milliy maktabini tamomlagan. Shundan so‘ng Il-de-Frans mintaqasi Hisob palatasida ishlagan. 2014 yilda Fransiyaning sobiq Prezidenti Fransua Ollandning maslahatchisi, 2016-2017 yillarda Fransiya Madaniyat va kommunikatsiya vaziri sifatida faoliyat yuritgan.
Internet manbalari asosida
Oydin Ibrohimova tayyorladi
- Qo'shildi: 04.11.2021
- Ko'rishlar: 5994
- Chop etish