25 avgust kuni – Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami arafasida Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida “Icte'molchilar uyi” ma'muriy kompleksi ochildi. Koronavirus sharoitini hisobga olib oflayn va onlay tarzda tashkil etilgan ushbu tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va so'zga chiqdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan bundan besh yil oldin qabul qilingan va izchil amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish yo'nalishi doirasida mamlakatimiz miqyosida “davlat + fuqarolik institutlari + tadbirkorlik sub'ektlari” tamoyili asosida ijtimoiy ahamiyatga ega bir qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Bu borada, xususan, “Iste'molchilar uyi” va “Iste'molchi kutubxonasi” loyihalari alohida ahamiyat kasb etadi. O'tgan davrda Oltiariq, Rishton, Bag'dod, Farg'ona, Marg'ilon, Qo'shtepa, Qiziltepa, Tomdi, Olot, Koson, Dehqonobod, Uzun, Boysun, To'raqo'rg'on, Izboskan tumanlari hamda Sharg'un shaharchasida iste'molchi kutubxonasi va iste'molchilar uyi foydalanishga topshirilgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Bugungi kunda mazkur loyihalar doirasida 71 ta tuman va shaharda qurilish ishlari davom ettirilmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida ham "Iste'molchilar uyi” ma'muriy binosi foydalanishga topshirildi. Majmuada joylashgan “Iste'molchi qabulxonasi”da iste'molchilarning ariza va murojaatlari qabul qilinadi.
Tumanning zamonaviy uslubda qurilgan, o'ziga xos innovatsion yechimga ega “Iste'molchilar uyi” ma'muriy kompleksidan o'rin olgan “Iste'molchi kutubxonasi” fondida mingdan ortiq kitob va turli adabiyotlar bor. Bu yerda zamonaviy “Book cafe” va bepul “Wi-fi” tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “e-Reader” elektron o'quv qurilmasi o'rnatilgan.
Bunday yangi ma'rifat maskanlari aholi, ayniqsa, yoshlarning ma'naviy dunyosini boyitish, navqiron avlod vakillarini kasb-hunarga o'rgatish, farzandlarimizning noyob salohiyati va iste'dodini kashf etish uchun beqiyos imkoniyatlar beshigi bo'lib xizmat qiladi.
“Iste'molchi kutubxonasi”ga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 300 ta kitob sovg'a qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.08.2021
- Ko'rishlar: 3523
- Chop etish