18 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Turkiya Bosh Ombudsmani Sherif Malkoch bilan uchrashdi.
So'nggi yillarda O'zbekiston-Turkiya munosabatlari ikki tomonlama va ko'p tomonlama hamkorlik doirasida izchil rivojlanmoqda. Oliy va yuqori darajadagi, xususan, parlamentlar, vazirlik va idoralar, ishbilarmon va ilmiy-akademik doiralar, shuningdek viloyatlar o'rtasidagi aloqalar tobora muntazamlik kasb etib bormoqda.
Ta'kidlanganidek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning – Turkiyaga, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'anning mamlakatimizga amalga oshirgan tashriflari ikki tomonlama munosabatlarning rivojiga keng yo'l ochib berdi.
A.Saidov Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiyaning Ombudsman instituti o'rtasidagi o'zaro hamkorlik aloqalari 2018 yildan buyon izchil amalga oshirilayotganini qayd etdi. Keyingi ikki yilda har ikki tashkilot rahbarlarining o'zaro tashriflari yanada faollashdi.
SH.Malkoch Turkiya va O'zbekiston o'rtasidagi do'stona munosabatlar haqida so'z yuritar ekan, xalqlarimizning tili, madaniyati va dini bir ekanini ta'kidladi. O'zbekiston nafaqat turkiy dunyo madaniyati va ma'naviyati, ilm-fani va ma'rifati yuksalishiga, balki butun jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo'shgan ulug' allomalar yurti ekaniga urg'u berar ekan, mamlakatda yoshlar ta'lim-tarbiyasiga katta e'tibor qaratilayotganini e'tirof etdi.
Turkiya Bosh Ombudsmani shu yil 12-13 avgust kunlari mamlakatimizda o'tkaziladigan Yoshlar huquqlari bo'yicha jahon konferentsiyasi hamda noyabr` oyida tashkil etiladigan Markaziy Osiyo mamlakatlarining inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari kengashida ishtirok etish uchun taklif etildi. Mehmon taklifni minnatdorlik bilan qabul qildi.
Muloqotda tomonlar o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko'tarish istiqbollari ham muhokama qilindi. Xususan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiyaning Ombudsman instituti o'rtasida o'zaro anglashuv to'g'risida Memorandum imzolash masalasi ko'rib chiqildi.
Shuningdek, O'zbekiston va Turkiya o'rtasida inson huquqlari sohasida axborot almashishni yanada rivojlantirish xususida fikr yuritildi. Ayniqsa, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar faoliyatiga doir masalalar yuzasidan muntazam axborot almashishning muhimligi ta'kidlandi.
Ma'lumot uchun: Turkiyaning Ombudsman instituti 2012 yilda tashkil topgan. Uning asosiy maqsadi davlat boshqaruvi organlari ustidan kelib tushadigan shikoyatlarni mustaqil va samarali tarzda ko'rib chiqish hamda Turkiya Parlamentiga hisobot berishdir.
Turkiya Parlamenti Ombudsmani 2018 yilda Toshkentda tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari kengashi hamda Samarqandda bo'lib o'tgan Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi ishida ishtirok etgan.
O'z navbatida, Turkiya Parlamenti Ombudsmani taklifiga ko'ra, 2019 yili 18-19 noyabr kunlari Istanbul shahrida “Samarali davlat boshqaruvi tamoyillari va Ombudsman” mavzuida o'tkazilgan dunyo Ombudsmanlarining ikkinchi xalqaro konferentsiyasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili qatnashgan.
Shu kunlarda SH.Malkoch boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning korruptsiyaga qarshi kurashish idoralari va ombudsmanlarining Toshkentda bo'lib o'tayotgan 4-yig'ilishida ishtirok etish uchun rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'lib turibdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.06.2021
- Ko'rishlar: 3838
- Chop etish