Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda sahifa ochishni taqiqlamoqchi

Avstraliya hukumati joriy yil 10 dekabrdan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda sahifa ochishni taqiqlaydi. Yangi qoidaga binoan,o‘lkadagi ITkompaniyalar “Facebook”, “Instagram”, “TikTok”, “YouTube”, “Snapchat”, “X”, “Reddit”, “Twitch” va boshqa platformalarda voyaga yetmaganlarning akkauntlarini aniqlab, o‘chirishi shart bo‘ladi.

Ushbu taqiq dunyoda birinchi bo‘lib joriy etilmoqda va asosiy maqsad – bolalarni zararli kontent, zo‘ravonlik videolari, radikallik, jinsiy ekspluatatsiya va kiber hujumlardan himoyaqilish.

Hukumat topshirig‘iga ko‘ra, platformalar “oqilona choralar”ni ko‘rib, yoshni aniqlash texnologiyalaridan foydalanishi shart, lekin qaysi usullar majburiy ekani aniq belgilanmagan. Ehtimoliy variantlar orasida hukumat ID larni yuklash, yuz va ovozni aniqlash, shuningdek, onlayn faollik asosida yoshni taxmin qilish kabi texnikalar bor. 

Bunda bolalar yoki ota-onalar jazolanmaydi, javobgarlik kompaniyalarga yuklanadi. Qoidalarni buzgan platformalar 49,5 million dollargacha jarimaga tortilishi mumkin. “Meta” Avstraliyada 4 dekabrdan boshlab o‘smirlarning akkauntlari yopilishini e’lon qilgan.

Ekspertlar bu tizim qanday ishlashiga nisbatan tushunarsiz jihatlar borligini ta’kidlamoqda. Tadqiqotlar yuz aniqlash algoritmlari aynan 13–15 yoshlar oralig‘ida eng ko‘p xato qilishini ko‘rsatgan. Shuningdek, belgilangan jarima miqdori gigant platformalar uchun zarracha og‘irlik qilmasligi qayd etilgan. 

Taqiqning samaradorligiga oid shubhalar ham bor, chunki onlayn o‘yin platformalari yoki AI-chatbotlarga taqiq qo‘yilmagan, o‘smirlar esa baribir zararli kontentga boshqa kanallar orqali kirishi mumkin. Tahlilchilar bolalarni ijtimoiy tarmoqdan butunlay uzish ularni ijtimoiy hayotdan chetlashtirishi mumkinligini aytmoqda.

Yana bir muhim masala — yoshni tekshirish uchun to‘plangan shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi. Avstraliyada so‘nggi yillarda bir nechta yirik ma’lumotlar bazasi buzilishi holatlari ro‘y bergan. Hukumat buni inobatga olib, platformalarga shaxsiy ma’lumotlardan faqat yoshni tasdiqlash uchun foydalanish va ularni zudlik bilan o‘chirishni talab qilmoqda.

Ayrim manbalarda o‘lka yoshlari taqiq boshlanishidan oldin soxta yosh bilan yangi akkauntlar ochayotgani, alternativ ilovalar yoki VPN yordamida cheklovlarni aylanib o‘tishga urinayotgani aytilmoqda. Hukumat esa platformalardan aynan shunday holatlarni aniqlab, bloklashni talab qiladi.

Avstraliya qarori dunyoda birinchi bo‘lgani uchun boshqa davlatlar ham bunga diqqat bilan qarayapti. Yevropada ayrim mamlakatlar ota-ona roziligini talab qiladi, Daniya va Norvegiya esa Avstraliya yo‘lidan borishni ko‘rib chiqmoqda. AQSHning Yuta shtatidagi shunga o‘xshash taqiq esa sud tomonidan to‘xtatilgandi.

Musulmon Ziyo, O‘zA

Powered by GSpeech