O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 dekabr` kuni Oliy Majlisga va O'zbekiston xalqiga yo'llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida inson huquqlari bo'yicha mas'ul idoralar tomonidan jamoatchilik vakillari bilan birgalikda muntazam ravishda jazoni o'tash muassasalarida “monitoring tashriflari” o'tkazilmoqda.
Shunday tashriflarning biri joriy yil 14 aprel kuni Toshkent viloyatida joylashgan 21-sonli ayollar uchun mo'ljallangan koloniyada o'tkazildi.
Mazkur tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha jamoatchilik guruhi, Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo'yicha komissiya a'zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida amalga oshirildi.
Ushbu muassasa 1600 o'ringa ega bo'lib, hozirda 500 nafardan ortiq mahkuma saqlanmoqda. Ularning 3 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.
Ekspert guruhi a'zolari tomonidan tanishuv jarayonida mahkuma ayollar yashashlari uchun mo'ljallangan yotoqxonada yaratilgan shart-sharoitlar talab darajasida ekanligi aniqlandi. Uchrashuv chog'ida mahkumalar muassasa sharoiti yoki xodimlar muomalasidan shikoyatlari yo'qligini bildirishdi.
Muassasada tashkil etilgan ish joylarida mehnat qilayotgan mahkumalarga bajarilgan ish hajmiga qarab 400 ming so'mdan – 700 ming so'mgacha ish haqi to'lanayotgani ma'lum bo'ldi. Aniqlanishicha, ishga yaroqli mahkumalarning 60 foizi 4 ta ishlab chiqarish sexida mehnat qilmoqda.
Kasb-hunarga o'rgatilayotgan mahkumalarga seritifikatlar berilishi yo'lga qo'yilgan. Tikuvchilik sexida 55 yoshdan katta va bolali mahkumalar ishga jalb qilinmagan.
Monitoring tashrifi chog'ida guruh a'zolari muassasada tashkil etilgan 2 ta bolalar uyi va ularda tarbiya olayotgan mahkumalarning farzandlariga yaratilgan shart-sharoit bilan ham tanishdilar. Ma'lum bo'lishicha, u yerda 21 nafar mahkuma-ona 3 yoshgacha bo'lgan farzandlari bilan 24 soat davomida birga bo'lishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Muassasada saqlanayotgan ona-bolalar tarbiyasi va salomatligi uchun 20 nafar tarbiyachi va hamshiralar biriktirilgan.
Muassasada mahkumalarning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuvlari uchun qisqa va uzoq muddat uchrashuv xonalarida shart-sharoitlari yetarli darajada tashkil qilingan.
Sog'lig'ida muammosi bo'lgan va davolanishga muhtoj mahkumalarga tibbiy yordam ko'rsatilishi va muolajalar qilinishi uchun alohida binolar, har bir sohaga oid mutaxassis uchun xonalar hamda uskunalar, maxsus laboratoriya xonalari ishlab turibdi.
Tadbir ishtirokchilari yangi qurilayotgan tikuvchilik sexi binosi bilan tanishar ekan, bu yerda yaratilayotgan shart-sharoitlar belgilangan standartlarga, sanitariya-gigiena va yong'inga qarshi qoidalariga mosligiga alohida e'tibor qaratishdi.
Monitoring tashrifi doirasida oshxonada mahkumalarga ovqat tayyorlash jarayoni hamda oziq-ovqat ta'minoti sifat va me'yorlariga amal qilinishi ahvoli ham ko'zdan kechirildi.
Tadbir davomida ayrim mahkumalar bilan suhbatlar o'tkazilib, tegishli huquqiy maslahatlar berildi.
Bu yo'nalishdagi ishlar davom ettiriladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.04.2021
- Ko'rishlar: 4389
- Chop etish