BMTning maxsus ma’ruzachisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2021 yil 3 dekabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbaevaning BMTning terrorizmga qarshi kurashishda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini targ‘ib qilish va himoya qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi F. Ni Aolayn bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Fionulla Ni Aolayn mamlakatimizda, xususan, xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashish, shuningdek, sud-huquq sohasida hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

“Mehr” operatsiyalari doirasida Yaqin Sharqdagi nizoli zonalardan O‘zbekiston fuqarolarini qaytarish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qayd etildi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva inson huquq va erkinliklari, jumladan, qiynoqning oldini olish, vijdon erkinligi va fuqarolar huquqlarini ta’minlash sohasidagi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish bo‘yicha mamlakatda amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va BMT hamda uning ixtisoslashtirilgan tuzilmalari o‘rtasida inson huquqlari, shu jumladan, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishda va barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashda parlamentning muhim rolini qayd etdilar.

BMTning maxsus ma’ruzachisi uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo‘yicha BMT Inson huquqlari kengashiga taqdim etish uchun O‘zbekistonda terrorizmga qarshi kurashishda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish masalalari to‘g‘risida ma’ruza tayyorlashini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Powered by GSpeech