Dunyo xalqlarining o'zi suygan shoirlari ko'p. Ular o'n yoki yigirma nafar bo'lishi ham mumkin. Lekin, har bir xalqning davlat madhiyasi matnini yaratish faqat bir nafar el ardoqlagan qalam sohibiga nasib etadi. Prezident Shavkat Mirziyoev ardoqlagan, butun millatimiz suyib erkalagan taniqli shoir Abdulla Oripovga ana shunday sharafli, o'z navbatida o'ta mas'uliyatli farzandlik burchini ado etishga muyassar bo'ldi.
Davlatimiz rahbarining betakror shoirimiz Abdulla Oripovning 80 yillik yubileyini keng nishonlashga oid qarori butun ijodkorlarning ko'nglidagi gap bo'ldi. Ulug' shoirimizga ko'rsatilgan yuksak insoniylik namunasi bo'ldi bu! Rahmat, hurmatli Prezident! Inson, uning qadr-qimmatini e'zozlashda barchamizgahamisha ibratsiz.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi qaroriga ko'ra, quyi palata Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov rahbarligida O'zbekiston davlat mustaqilligining o'ttiz yilligini yuksak saviyada o'tkazish bo'yicha ishchi guruh tuzilgan. Shu ishchi guruh tashabbusi bilan 15 mart kuni G.V.Plexanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot universiteti Toshkent filialida atoqli shoirimiz Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlangan xotira kechasi va adabiy anjuman o'tkazildi.
Uchrashuvlar maroqli va qiziqarli o'tdi. Davrada sevimli shoirimiz she'rlari jarangladi. So'z olganlar Abdulla Oripov haqidagi unutilmas voqealar, uning ideal ijodidan, kamtarin fazilatlaridan so'zladilar.
Akademik Akmal Saidov aytganidek, shoirimiz she'rlarini hech kim muallifning o'zi kabi maromida o'qiy olmaydi. Tadbirda Ustoz ovozi bilan o'zi aytgan ijod namunalari jarangladi va hamma o'zgacha zavq bilan bu she'rlarni tingladi.
Abdulla Oripov bahorni sevardi. U 1941 yil 21 mart kuni tug'ilgan. Shu kunlar rutubat kezib yuribdi. Ulug' shoirimiz tavallud kunida bahor nasimlari bizni yana siylaydi, bobo quyosh zarrin nurlari bilan butun borliqni ziynatlaydi. Suyukli shoirimizning o'z xalqiga mehri bu nurlar bilan uyg'un holda bizga ko'klam ezguliklarini hadya qilishda davom etadi!
Navro'z Rizaev,
Qonunchilik palatasi deputati
- Qo'shildi: 16.03.2021
- Ko'rishlar: 4477
- Chop etish