O'zbekiston Milliy universitetida 29 iyun kuni “O'zbekiston Respublikasida Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturini amalga oshirish” mavzusida davra suhbati o'tkazildi.
Onlayn va oflayn shaklda tashkil etilgan tadbirda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo'yicha o'rinbosarlari hamda kotibiyat mudirlari, shuningdek millatlararo munosabatlar bo'yicha ekspertlar ishtirok etdi.
O'zbekistonda birinchi marta o'tkazilgan Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturiga doir davra suhbatidan maqsad – irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ularga bog'liq toqatsizlik bilan kurashish bo'yicha aniq chora-tadbirlarga bag'ishlangan ushbu xalqaro hujjatlar tavsiyalarini mamlakatimizda amalga oshirish hamda millatlararo munosabatlar masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Davra suhbatini O'zbekiston Milliy universiteti prorektori, “O'zbekiston-Frantsiya” do'stlik jamiyati ijrochi direktori R.Shirinova kirish so'zi bilan ochdi. Jumladan, u Universitet huzurida Millatalararo totuvlik va bag'rikenglik ilmiy markazi faoliyat olib borayotganini ta'kidladi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi raisi o'rinbosari V.Tyan ushbu davra suhbati xalqlar o'rtasida do'stlik, tolerantlik va millatlararo totuvlikni ta'minlashga ham xizmat qilib, xalq diplomatiyasining rivojida muhim ahamiyat kasb etishi, qolaversa, Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi xalqaro hamjamiyatni milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda irqchilikka qarshi kurashishga chaqiradigan muhim hujjatlardan biri ekani qayd etdi. Ushbu Deklaratsiya qoidalarini jamiyatga tatbiq etish “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi”ning maqsad va vazifalariga to'la mos kelishini ta'kidladi.
YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi P`er fon Arks O'zbekiston tarixan turli konfessiyalar va etnik guruhlar birgalikda tinch-totuv faoliyat olib borayotgan dunyodagi sanoqli mamlakatlardan biri ekanligini e'tirof etdi. Mamlakatning hozirgi rahbariyati buni yanada yuqori darajada ta'minlash uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etayotganidan mamnunligini bildirdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi taxlil va tadqiqotlar bo'limi yetakchi mutaxassisi S.Madaliev O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O'zbekiston qo'shilgan xalqaro hujjatlardan kelib chiqqan holda qonun oldida tenglik va kamsitishni taqiqlashning barcha asosiy tamoyillari aks ettirilganligi haqida to'xtaldi. Barcha qonunlarimizda fuqarolar uchun irqi, jinsi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tenglik, teng huquq va erkinliklar ta'minlanishini nazarda tutilgan.
Anjumanda Durban deklaratsiyasining muhim yutuqlari – irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ular bilan bog'liq bo'lgan toqatsizlik sabablarini aniqlashga urinish ekanligi, shu bilan birga, Durban deklaratsiyasi ushbu hodisalarga qarshi kurashish borasida yangi xalqaro mexanizmlarni yaratishda turtki bo'lishi alohida qayd etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.07.2021
- Ko'rishlar: 4174
- Chop etish