Joriy yilning 10-11 dekabr kunlari “Inson huquqlari oyligi” doirasida Toshkent shahrida “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida xalqaro konferensiya ish boshlaydi. Ushbu nufuzli anjuman Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 73 yilligi, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasining 10 yilligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 25 yilligiga bag‘ishlangan mazkur xalqaro konferensiya 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida boshlanadi. BMT tomonidan bu yilgi Xalqaro inson huquqlari kunining shiori “Hammamiz insonmiz, hammamiz tengmiz” ekanini inobatga olsak, nufuzli anjumanning ayni shu sanada ochilishi uning ahamiyatini yanada oshiradi. Sababi jamiyatda tengsizlikni tugatish uchun avvalo insonlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish kerak. Inson huquqlari bo‘yicha ta’limni rivojlantirish orqali ayni maqsadlarga erishish mumkin.
Xalqaro konferensiyada BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar sarhisob qilinadi. Inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xorijiy tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimoti o‘tkaziladi. Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyani tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida 2021 – 2024 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi” loyihasi muhokama qilinadi.
Ushbu xalqaro konferensiya mamlakatimizda inson huquqlari sohasida oldinga tashlangan yana bir muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.
Nazira RAHMATILLAEVA,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mutaxassisi
- Qo'shildi: 09.12.2021
- Ko'rishlar: 3375
- Chop etish