Joriy yilning 12 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari qo'mitasi tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va «Yo'l xaritasi»ning 64 bandida nazarda tutilgan «Jamiyatda huquqiy tarbiya, huquqiy madaniyat va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuining amaldagi ijrosi» yuzasidan Adliya vazirligi va boshqa mas'ul tashkilotlarning hisobotlari eshitildi.
Yig'ilishda ta'kidlanganidek, jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlashning eng muhim shartlaridan biri – huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishdir. Huquqiy ong fuqarolarning o'z huquqlarini bilish va talab qilish, adolat izlash, hukumatni hisobdorlikka chaqirish yo'lida qurollantiradi. Bugun mansabdorlarning hisobdorligi oshgani, axborot almashinuvining tezlashgani, ya'ni katta hajmdagi axborotlar informatsion maydonda aylanayotgani ochiqlik, oshkoralik belgisidir.
Haqiqatdanda, bu oshkoralik tashkilot rahbarlarining mas'uliyatini oshirish bilan birga, aholi o'rtasida huquqiy ong va madaniyatning shakllanishiga ham xizmat qiladi.
Adliya vazirligi hisobotida qayd etilganidek, 2020-2021 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Davlat xizmatchilarining umumiy va sohaviy huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida 18 ta vazirlik va idoralar xodimlarini bepul onlayn ravishda o'qitilishi tashkil etilgan. Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan 1415 ta axborot-tahliliy va obrazli media materiallar va video-roliklar tayyorlangan.
Shuningdek, tadbirkorlarning bepul huquqiy ma'lumot va maslahat olishi uchun”Advice for business” yuridik portali ishga tushirildi. Huquqiy targ'ibotda yangi loyihalar amalga oshirildi. Xususan, «Huquqiy axborot kunlari» heshtegi ostida 3900 dan ortiq targ'ibot tadbirlari, «Bepul huquqiy maslahat bilan har bir uyga» shiori ostida huquqiy maslahat berish tizimi yo'lga qo'yildi.
Qayd etilganidek, aholining barcha qatlami uchun 3 bosqichli «Huquq bilimdoni» tanlovi doirasida 30 mingdan ortiq fuqarolar faol qatnashdi. Bundan tashqari «Huquqiy targ'ibotni amalga oshirishda innovatsion texnologiyalarni qo'llash» tanlovi ilk bor tashkil qilindi. Ikki ming nusxada «Ko'zi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar to'plami» tayyorlandi. Bugungi kunda bolalar, yoshlar hamda oila uchun alohida yuridik entsiklopediyalar vazirlik tomonidan tayyorlanyapti.
Huquqiy madaniyatni oshirish borasidagi ishlarni tizimli tashkil etishda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish g'oyat muhim. Shu ma'noda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ham huquqiy savodxonlikni oshirish, ularga huquqiy ko'mak berish maqsadida «Onlayn maslahatchi» tizimi yaratildi.
Eshituvda aholining huquqiy madaniyatini oshirishda qilingan ishlar bo'yicha deputatlar o'z munosabatlarini bildirdilar. Shu bilan birga bu borada hududlarda mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo'yicha amalga oshirilishi lozim bo'lgan loyihalar kelishib olindi.
Qizg'in bahs-munozara, savol-javoblarga boy tarzda o'tgan yig'ilish yakunida bildirilgan fikr mulohaza va takliflar asosida qo'mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Manba: O'zA
- Qo'shildi: 15.03.2021
- Ko'rishlar: 5888
- Chop etish