2021 yil 11 dekabr kuni «Raqamli avlod. COVID-19 pandemiyasi davrida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim» mavzusida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbir Toshkentda “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida tashkil etilgan ikki kunlik xalqaro konferensiya doirasida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlov Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2021 yil 10 noyabr kuni e’lon qilingan bo‘lib, bir oy davom etdi. Tanlovning 4 ta nominatsiyasi bo‘yicha jami 60 ta hujjat kelib tushdi. Tanlov homiylari orasida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bor.
Tanlovning “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi infografika” nomli birinchi nominatsiyasi bo‘yicha quyidagi g‘oliblar aniqlandi:
1-o‘rin – E’zoza Sobirova, Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali o'qituvchisi;
2-o‘rin – Tohir Xudoyberganov, Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti xodimi;
3-o‘rin – Sunnat Hakimov, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi.
Tanlovning ikkinchi nominatsiyasi “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi videorolik” deb nomlangan. Bu nominatsiya bo‘yicha 2-o‘ringa – Toshkent davlat yuridik universitetining “Yuksalish sari” klubi a’zosi Munisa Rayimova sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 3-o‘ringa 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Xondamir Nazirov munosib topildi.
O‘z navbatida, “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi maqola” nomli uchinchi nominatsiya bo‘yicha quyidagilar g‘olib bo‘ldi:
1-o‘rin – Shahlo Safarova, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Huquq nazariyasi va davlat boshqaruvi” kafedrasi o‘qituvchisi;
2-o‘rin – Miryoqub Rahimov, Toshkent davlat yuridik universiteti katta o`qituvchisi;
3-o‘rin – Bahrom Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi o‘qituvchisi.
Tanlov g‘oliblariga diplomlar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Asadbek Zoirov, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Dilnoza Yarashova va Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti 2-kurs talabasi Azimjon Salomov rag‘batlantiruvchi mukofot sohiblariga aylandi.
Bundan tashqari, inson huquqlariga rioya qilish va himoya qilish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtiroki hamda fidokorona mehnati uchun:
- Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Tashkiliy-shtab faoliyati kafedrasi boshlig‘i, polkovnik Alimjon Matchonov;
- Toshkent davlat yuridik universiteti professori Govxerjon Yuldasheva;
- Bosh prokuratura Akademiyasining Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi ustidan nazorat kafedrasi boshlig‘i Xurshid Karimov;
- Bosh prokuratura Akademiyasi o‘qituvchisi Aziz Hikmatov;
- Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti huquqiy fanlar kafedrasi dotsenti Mehmonali Suvonqulov;
- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Tashkiliy boshqarmasining muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori To‘lagan Abdullaev tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.12.2021
- Ko'rishlar: 3411
- Chop etish