Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida O'zbekiston ilk bor Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida qatnashdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutqining ushbu oliy minbardan o'zbek tilida jaranglashi esa tarixiy voqea bo'ldi.
Prezidentimiz o'z nutqida mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilgan muhim yutuqlarga to'xtaldi. Xususan, 2020 yilda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiya tasdqilanganini alohida ta'kidladi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda inson huquqlari bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar salmog'i tobora ortib bormoqda. Inson qadr-qimmati, uning huquqlari va erkinliklarining daxlsizligi borasidagi teran tushunchalar amaliy hayotimizdan yanada mustahkam o'rin olmoqda.
Ayniqsa, so'nggi yillarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hayotimizda yuz berayotgan jiddiy o'zgarishlar shu sa'y-harakatlarning amaliy samaralaridir.
Bunga, jumladan, bolalar mehnatiga chek qo'yilgani, o'qituvchilarni kamsituvchi, faoliyat mezoniga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar bekor qilinib, ularning jamiyatdagi haqiqiy nufuzi tiklangani, ayollarni zo'ravonliklardan himoya qilish, gender tenglik to'g'risida qabul qilingan qonunlar hayotga tatbiq etilayotgani misol bo'la oladi.
Mamlakatimizda ayni yo'nalishda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar O'zbekistonning inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash hamda rag'batlantirish siyosatiga qat'iy sodiqligini isbotlaydi. Prezidentimiz nutqi O'zbekiston o'zi tanlagan tashqi siyosat asosida bundan keyin ham inson huquqlari himoyasi bo'yicha barcha manfaatdor xalqaro tuzilmalar bilan izchil hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini yaqqol ko'rsatdi.
Shu bilan birga, Yurtboshimiz nutqidagi BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha ma'ruzachisi institutini ta'sis etish, imkoniyati cheklangan shaxslarning qobiliyatlarini ro'yobga chiqarish bo'yicha mintaqaviy kengash tuzish, shuningdek Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlangan global forum o'tkazish kabi muhim global va mintaqaviy tashabbuslar O'zbekistonning kelgusida ham inson huqlarini himoya qilish sohasida dadil odimlashda davom etishini butun dunyoga namoyish qildi.
Dilafruz Umarova,
"Demokratlashtirish va inson huquqlari" jurnali
tahririyati kadrlar bo'yicha bosh inspektori
- Qo'shildi: 01.03.2021
- Ko'rishlar: 4562
- Chop etish