Har yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan buyuk G'alabaga beqiyos hissa qo'shgan, mana shu yorug' kunlarga yetib kelolmagan aziz insonlarni yod etamiz, ularning xotirasi, pok ruhlari oldida ta'zim qilamiz. Shafqatsiz urushda, mashaqqatli mehnat frontida mardlik va jasorat ko'rsatgan barcha faxriylarimizga yuksak hurmat va ehtirom, chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Ayni chog'da, urushni ko'rgan ajdodlarimiz bizga meros qoldirgan tinch-osoyishta turmush bag'rida voyaga yetgan va bugun saflarimizda turib Vatanimizning obro'-e'tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo'shayotgan yoshi ulug' yurtdoshlarimizni ham e'zozlaymiz. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoir Ikrom Otamurod – el-yurtimizning ana shunday qadrli faxriylaridan biri.
5 may kuni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta tadbirlar zalida shoir Ikrom Otamurod tavalludining 70 yilligiga bag'ishlangan “Vatan suvratiga suvrat bo'l, xalqim!” nomli ma'naviy-ma'rifiy tadbir hamda “Sukut sadosi” kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi. Tadbirda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi, akademik Akmal Saidov ishtirok etdi va so'zga chiqdi.
Mamlakatimiz keng jamoatchiligi Ikrom Otamurodni taniqli shoir va tarjimon, mohir muharrir va murabbiy sifatida yaxshi biladi hamda yuksak qadrlaydi. U XX asrning 70-yillarida she'riyat maydoniga kirib kelgan bo'lib, o'tgan davrda 20 ga yaqin kitob yozdi va nashr ettirdi. So'zga sodiq shoir shu tariqa o'zining she'riy uslubini muttasil sayqal toptirib kelmoqda.
Ikrom Otamurod she'riy dostonlari soni va ma'naviy salmog'i bo'yicha Mustaqillik yillari poemanavisligida yetakchi o'rinlarda turadi. U jahon adabiyotidan Uolt Uitmen, Pablo Neruda, Yevgeniy Yevtushenko, O'ljas Sulaymon, Oktavio Pas, Sesar Val`exo kabi o'z ruhiyatiga yaqin shoirlarning she'r va dostonlarini ona tilimizga tarjima qilgan.
Shoirning asarlari turk, arab, bulg'or, rus, moldavan, ozarbayjon, qozoq, qirg'iz, tojik, gruzin tillariga o'girilgan va chop etilgan. U 1975 yildan buyon, ya'ni 46 yil davomida “Sharq yulduzi” jurnali tahririyatida uzluksiz ishlash asnosida yuzlab yosh shoirlarga ustozlik qilgan.
Ikrom Otamurod 1999 yili “Do'stlik” ordeni, 2019 yilda “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan. Bu, shubhasiz, shoirning fidokorona xizmatlari davlat va jamiyat tomonidan e'tirof etilishining yorqin ifodasidir.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.05.2021
- Ko'rishlar: 4175
- Chop etish