Ixtisoslashtirilgan muassasada monitoring o'tkazildi

Avval ma'lum qilinganidek, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili ishtirokida Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha jamoatchilik guruhi a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida muntazam ravishda jazoni ijro etish muassasalarida “monitoring tashriflari” o'tkazilmoqda.

Mazkur tadbirlarning biri joriy yilning 26 may kuni Toshkent shahrida joylashgan 23-sonli mahkumlarga mo'ljallangan ixtisoslashtirilgan koloniyada bo'lib o'tdi.

Ushbu muassasa respublika miqyosida yagona va jazoni ijro etish muassasalarida, qamoqda saqlash joylarida saqlanayotgan erkak jinsiga mansub shaxslarni davolashga ixtisoslashtirilgan muassasa xisoblanib, 20 ta bo'limdan iborat va 1 ming 130 o'ringa mo'ljallangan.

Muassasa ma'muriyati bergan ma'lumotga ko'ra, bu yerda 600 nafardan ortiq shaxs davolanmoqda. Ular orasida voyaga yetmaganlar mavjud emas.

Ekspert guruhi a'zolari muassasada 2020 yilda qisqa muddat ichida qurib bitkazilgan va foydalanishga topshirilgan turli yuqumli kasalliklarni, xususan, koronavirus alomatlari bor-yo'qligini aniqlashga ixtisoslashtirilgan laboratoriya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Ushbu laboratoriyada malakali mutaxassislar faoliyat yuritayotgani, shu bilan birga, uning eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangangi va bir vaqtning o'zida qariyb 200 namunani tahlil qilish imkoniyati mavjudligi alohida e'tiborga loyiqdir.

Muassasada erki cheklangan shaxslarga tibbiy xizmat ko'rsatish, yashash va ovqatlanish xonalarida yaratilgan shart-sharoitlar ko'rib chiqilganda, ular talab darajasida ekanligi, muassasaning ayrim binolari ta'mirdan chiqarilganligi va ayrimlarida esa ta'mirlash ishlari davom ettirilayotgani kuzatildi.

Muassasada turli kasalliklar bilan davolanayotgan ayrim shaxslar va ularning yaqinlari bilan muloqot olib borilganda, yaratilgan shart-sharoitlardan va muassasa ma'muriyati ishidan shikoyat tushmadi.

Bu yerda davolanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuvlar, onlayn suhbatlar o'tkazish va telefon orqali so'zlashuvlar uchun shart-sharoitlari yetarli darajada tashkil qilingan.

Tadbir ishtirokchilari ta'mirlanayotgan binolarda yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishar ekan, belgilangan standartlarga, sanitariya-gigiena va yong'inga qarshi qoidalarga mosligi kabi jihatlarga alohida e'tibor qaratishdi va o'z fikr-mulohazalari bilan o'rtoqlashishdi.

Shuningdek, monitoring tashrifi davomida oshxonada ovqat tayyorlash jarayoni hamda oziq-ovqat ta'minoti sifat va me'yorlariga amal qilinishi ahvoli ko'zdan kechirildi.

Bu yo'nalishdagi ishlar davom ettiriladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
matbuot xizmati

Powered by GSpeech