Jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: nazariya, uslublar, amaliyot

2021 yil 4 noyabr kuni “Jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: nazariya, uslublar, amaliyot” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Ra’no Ubaydullaevaning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi va ma’ruza qildi.

Akademik Ra’no Ubaydullaeva O‘zbekiston xotin-qizlari orasida birinchi iqtisodiyot fanlari doktori, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo respublikalari mehnat resurslaridan foydalanish, demografiya va aholi bandligi masalalari bo‘yicha mintaqaviy kompleks muammolar tadqiqotlari tashkilotchilaridan biri edi.

U O‘zbekiston sotsiologlarining bir necha avlodi ta’lim olgan va zamonamiz sotsiologlari foydalanayotgan qator kitoblar muallifi. Olima tomonidan jamoatchilik fikri sotsiologiyasi sohasida mamlakatda va xorijda ko‘plab monografiya, metodika va ilmiy asarlar e’lon qilingan.

“O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari”, “O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish metodologiyasi”, “Jamoatchilik fikrining sotsiologik so‘rovlari tanlovi metodikasi”,“O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish metodologiyasini takomillashtirish muammolari”, “Jamoatchilik fikri: jamiyat va davlat o‘rtasidagi muloqot”, “O‘zbekistonliklarning zamonaviy o‘ziga xosligi” va boshqa asarlar shular jumlasidandir.

Olimaning “Kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari kontekstida aholining ijtimoiy tuzilmasi tahlili” (2020) fundamental asari esa O‘zbekistonda sotsiologiya fanining rivojlanishiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi.

Ilmiy-amaliy seminarda O‘zbekiston va yaqin hamda uzoq xorij mamlakatlaridan yetakchi davlat arboblari, siyosatchilar, sotsiologiya, siyosatshunoslik, iqtisodiyot, tarix, huquqshunoslik sohasi olimlari ishtirok etdilar.

Seminar doirasida ishtirokchilar e’tiboriga “Akademik Ra’no Ubaydullaevaning ilmiy va intellektual merosi” mavzusidagi ma’ruza taqdim etildi. 

Tadbir davomida akademik Ra’no Ubaydullaevaning ilmiy va professional faoliyatiga bag‘ishlangan kitob va videorolik taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Manba:  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech