Ma'lumki, joriy yilning 11 iyun kuni internet tarmoqlarida 10 iyun tunida 42 yoshli fuqaro – Samarqand viloyati, Kattaqo'rg'on tuman Davlat soliq inspektsiyasi boshlig'i o'rinbosari Aziz Ahmedov o'zi boshqargan Cobalt rusumli avtomobilda yo'l harakati qoidalarini buzganligi sababli Yo'l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan to'xtatilgani, inspektorlar A.Ahmedovni o'zlarining boshqaruvida bo'lgan Spark rusumli avtomobilning orqa o'rindig'iga yuza qismidan bosib, uning o'ziga ozor bermasliklarini so'rab baqirganiga qaramay, fuqaroning qisqa va tez o'limiga sabab bo'lishgani to'g'risidagi xabarlar tarqaldi.
Samarqand viloyati sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko'ra, A.Ahmedovning o'limiga yurak o'lchami va massasining keskin oshishi, ya'ni nafas qaytishi sabab bo'lgan. Ekspertiza davomida uning yuzi va bo'yin qismlari, tirsak va boshqa sohalarda jarohatdan olingan shilinmalar borligi aniqlangan. Holat yuzasidan Kattaqo'rg'on tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Kattaqo'rg'ondagi o'lim bilan bog'liq holat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga rasmiy xat yubordi. Xatda mazkur holat bo'yicha qo'zg'atilgan jinoyat ishining tergovi ustidan prokurorlik nazorati o'rnatish hamda natijalarini tegishli tartibda ommaviy axborot vositalarida yoritib borish so'ralgan.
Markaz qonun buzilish holatining har qanday ko'rinishiga, shu jumladan, qiynoqlarga murosasiz ekanligini bildiradi. O'zbekiston Respublikasi 1995 yil 31 avgustdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konventsiyasi ishtirokchisi sanaladi.
Bunday holatlar mamlakat huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan ishonchning yo'qolishiga olib kelishi bilan birga, davlatimiz obro'-e'tiboriga dog' tushirishi hamda keyingi yillarda O'zbekistonda demokratiya va inson huquqlarini ta'minlash sohasida amalga oshirilayotgan izchil siyosatga putur yetkazishi mumkin. Shu munosabat bilan Markaz bu kabi holatlarga yo'l qo'yilmasligi bo'yicha aniq va qat'iy choralar belgilanishi lozim, deb hisoblaydi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.06.2021
- Ko'rishlar: 3942
- Chop etish