2021 yil 10-11 dekabr kunlari poytaxtimizda “Inson xuquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi M. Bachelet, Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi M. Chungong, Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi direktori M. Mikkachi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbaeva kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi tasdiqlangan. Unda O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar bo‘yicha dunyodagi 50 ta yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishini ta’minlash masalasi ustuvor vazifalardan biri etib ko‘rsatilgan. Xususan, gender tenglikni ta’minlash yuzasidan Oliy Majlis Senatining qarori bilan 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Strategiya qabul qilindi.
— Inson huquqlari deganda bizning mamlakatimizda eng avvalo, bolalar, yoshlar, ayollar huquqiga katta e’tibor qaratilayotganligining barchangiz guvohisiz. Bu borada BMTning barcha tavsiyalarini hayotga tadbiq etishda davlat, nodavlat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda, — dedi T. Narbaeva.
Xalqaro konferensiyada BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Bundan tashqari, konferensiya doirasida inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xorijiy tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimoti o‘tkaziladi hamda ta’lim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 11.12.2021
- Ko'rishlar: 3060
- Chop etish