Korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik bo‘yicha Toshkent forumi o‘tkazildi

2021 yil 3 dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik bo‘yicha Toshkent forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda Xitoy, Malayziya, Sloveniya, Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon va Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idora rahbarlari, shuningdek, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar, vazirlik hamda idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok eti.

 “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaeva kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.

Davlat rahbari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ta’kidlaganidek O‘zbekistonda ushbu illatga murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarilgan, bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma tashkil etilgan.

Mamlakatimizda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda hamda “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Parlamentning har ikki palatasida maxsus korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitalari tashkil etilib, parlament nazorati instituti mustahkamlandi.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etildi.

Davlatimizda qonunchilik va ma’muriy sohalarda amalga oshirilgan tizimli islohotlarning natijasida, O‘zbekiston 2020 yil yakunlariga ko‘ra “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani ham muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston dunyoda birinchilardan bo‘lib “Ochiqlik prezumpsiyasi” tamoyilini Prezidentning “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan mustahkamladi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, davlat xizmatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha milliy va xalqaro tajribani taqdim etish, qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy va institutsional bazani yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Forum doirasida xorijiy mamlakatlar misolida korrupsiyaga qarshi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning mohiyati va xususiyatlarini ochib berildi. Tadbirda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etildi.

Bundan tashqari, davlat boshqaruvida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni ko‘rish, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish “komplaens-nazorat” tizimini joriy etish, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, mansabdor shaxslarning mol-mulklarini deklaratsiyalash va tartibga solishning usullari, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini jalb etish yuzasidan ishtirokchilar o‘rtasida fikr almashildi.

Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan aksilkorrupsiyaviy islohotlarni xalqaro hamjamiyat vakillariga yetkazishga qaratilgan “Uzbekistan Anti-corruption digest” jurnalining ilk soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rilgan masalalar yuzasidan ishtirokchilar tomonidan taklif va tavsiyalar tayyorlandi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

 

Powered by GSpeech