Buyuk Britaniyada har chorakda nashr etiladigan «Open Central Asia» jurnalining yangi sonida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning “O'zbekistonning BMT bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorligi” mavzuidagi maqolasi chop etildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri Londondan xabar qildi.
Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda. Milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg'unlashtirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar ko'rilmoqda.
Maqolada ta'kidlanganidek, O'zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo'lib inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar tashkil etilgan mamlakat hisoblanadi. Ushbu institutlar qatoriga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistan Respublikasi Milliy markazi, Parlament ombudsmani, Bolalar ombudsmani va Biznes-ombudsman kiradi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Milliy markaz tomonidan ijrosi monitoring qilib borilayotgan mazkur Milliy strategiya jahonning yetakchi ekspertlari, keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarning fikr-mulohazalari hisobga olingan holda tayyorlangan. Bugungi kunda ushbu hujjat O'zbekiston tomonidan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi va BMTning boshqa ustav organlari tavsiyalarini bajarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O'zbekiston BMTning yer yuzida tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini mustahkamlashda ko'maklashish borasidagi alohida o'rni va rolini qo'llab-quvvatlaydi. Shu ma'noda, «Open Central Asia» jurnalida qayd etilganidek, O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining faol a'zosi sifatida dunyoning barcha mamlakatlari bilan o'zaro manfaatli hamkorlikka va BMT bilan amaliy muloqotga hamisha tayyordir.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.08.2021
- Ko'rishlar: 3569
- Chop etish