Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurovning «Adabiyot dunyosi» sakkiz jildli to‘plami taqdimotiga bag‘ishlangan ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, xalq yozuvchisi Xurshid Do‘stmuhammad, taniqli shoira Sharifa Salimova va boshqalar zabardast va zahmatkash ijodkor Ibrohim G‘afurov adabiy jarayonlarning faol va kuyinchak darg‘alaridan ekanini ta’kidladi.
– Ulug‘ maqsadlar bilan mamlakatimizda olib borilayotgan yangilanish jarayonlarida adabiyot namoyandalariga katta e’tibor qaratilmoqda, - dedi S. Sayyid. – Biz ustoz Ibrohim G‘afurovning "Zamon, qalb, poeziya" , "Yonar so‘z" kabi asarlarini talabalik yillarimizda do‘konma-do‘kon axtarganmiz. Ustozning "Adabiyot dunyosi" nomli sakkiz jildli to‘plami muhtasham adabiy obida sifatida adabiyot muxlislari uchun munosib tuhfadir.
– Bu adabiy to‘plam o‘zbek millati ma’naviyatining boyligidir, - dedi A. Saidov. – Fridrix Nitssheni avvallari o‘zbek tiliga tarjima qilinishini hatto xayolimizga ham keltirmaganmiz. Katta adabiyotshunosgina asar muallifining ijodini teran tahlil etib, o‘z fikrini aytadi. Konfutsiymi, Dostoyevskiymi, Nitsshemi, dunyoning qay ijodkori bo‘lmasin, Ibrohim akadan o‘tkazib hech kim tarjima qilgan emas. "Adabiyot dunyosi" haqiqatan ma’naviy xazinamiz bo‘lib qoladi.
– Ibrohim G‘afurov oltmish besh yildan buyon adabiy jarayonning ichida, - dedi atoqli adib Xurshid Do‘stmuhammad. – Mazkur sakkiz jildli to‘plam ham o‘zbek adabiyotidagi ana shu oltmish besh yillik ijodiy jarayonni o‘ziga qamrab olgan. Bu to‘plam juda yuksak saviyada yozilgan. Unda adabiyotdagi istagan janrni uchratish mumkin. Ustoz ijodkor qalb nozikligini kashf etgan ijodkordir.
Darhaqiqat, tadbirda ta’kidlanganidek, Ibrohim G‘afurov uzoq yillardan buyon milliy adabiyotimizdagi jarayonlarni teran tahlil, tadqiq va talqin etib keladi. Badiiyatda haqqoniylik, insoniylik, adolat va milliy o‘ziga xoslik, ilmiylik va xolislik tamoyillarining namoyon bo‘lishini kuzatadi.
I.G‘afurov "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati", "Milliy tiklanish" gazetalaridagi ijodiy faoliyati mobaynida adabiy-ijtimoiy jarayonlarga faollik bilan munosabat bildirib bordi.
"Adabiyot dunyosi" sakkiz jildli to‘plami muallifning badiiy tarjimai holidir, umrining mazmunidir. Ushbu to‘plam "Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov haqidagi fikrlari" so‘zboshisi bilan boshlangan.
To‘plamning birinchi jildi "Joziba" deb nomlanib, unda olimning adabiy-tanqidiy faoliyatiga kirishgan ilk davr - 1960 - 1970 yillarda yozilgan va nashr etilgan uch adabiy-tanqidiy risola "Go‘zallikning olmos qirralari", "Yonar so‘z" va "Joziba" kiritilgan. Ikkinchi jild "Yurak - alanga" deb nomlanadi va unga 1970 - 1980 yillarda yozilgan uch risola -- "Yam-yashil daraxt" "Yurak – alanga", "Lirikaning yuragi" jam bo‘lgan.
"She’riyat - izlanish demak" deb nomlangan uchinchi jildda muallif XX asr 50-60-yillar o‘zbek she’riyatini tadqiq etadi. Ushbu jildda "Prozaning shoiri" nomli risola ham bor.
To‘rtinchi jildga "Dil erkinligi", beshinchi jildga "Hayo -- xaloskor", oltinchi jildga "Mangu latofat" va yettinchi jildga "Parivashlar majlisi" deya sarlavha qo‘yilgan.
Beshinchi jildda Alisher Navoiy ijodiga oid materiallar o‘rin olgan bo‘lsa, qolgan jildlarga adibning badia, mansura, esse, nasriy doston va adabiy suhbatlar o‘rin olgan.
– 1949 yili 12 yoshimda maktabdosh do‘stim Erkin Vohidov bilan Oybekning "Oltin vodiydan shabadalar" asarini o‘qib chiqdik, - deydi Ibrohim G‘afurov. – Hozirgi yoshlarda biz o‘sha 12 yoshimizdagidek kitobga oshnolikni, kitobdan yaxshilik qidirishni, unga zavq- shavq bilan intilishini juda sog‘inaman. Zero, insonga yo‘l tanlash qobiliyatini qo‘l telefonlari emas, aynan badiiy kitoblar beradi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 13.09.2023
- Ko'rishlar: 3458
- Chop etish