30-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova bilan YEXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari idorasining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi A. Ayazbekov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv joriy yilda YEXHTning Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari K.Kampning O‘zbekistonga amalga oshirilishi kutilayotgan tashrifiga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlandi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, inson huquqlari sohasida milliy va xalqaro tajriba almashish, inson huquqlari sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot avvalida tomonlar YEXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari K.Kampning joriy yilda O‘zbekistonga amalga oshirajak tashrifi yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Xususan, tashrif doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar va muloqotlarning mazmun-mohiyati, tashrifning tashkiliy jihatlari hamda kutilayotgan natijalar muhokama qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova dastavval Milliy markazning inson huquqlari sohasida milliy institut sifatidagi roli, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlariga muxtasar to‘xtaldi. YEXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari idorasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari, o‘tkazilgan uchrashuv va tadbirlar, qo‘shma tashabbuslar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Shuningdek, D.Muratova BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining Universal davriy hisobot (UDH) doirasida O‘zbekiston tomoniga ilgari surilgan tavsiyalar va ularning amalga oshirilishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, mazkur tavsiyalar asosida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Milliy harakatlar rejasi loiyihasi ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.
Ya’ni, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasi inson huquqlari sohasidagi tizimli islohotlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan. Ayni vaqtda ushbu hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, bu uning shaffof, inklyuziv muhokamalar jarayoni asosida takomillashtirilishiga yordam beradi.
O‘z navbatida, YEXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari idorasining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi A.Ayazbekov uchrashuv samarali tashkil etilgani uchun minnatdorlik izhor etdi. Tomonlar o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqotni yuqori baholadi.
Uning ta’kidlashicha, YEXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari idorasining O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqishi kuchli, ayniqsa, ozchiliklarning huquqlarini himoya qilish, jamiyatda bag‘rikenglikni mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar salohiyatini oshirish borasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Shuningdek, u O‘zbekistonga K.Kampning bo‘lajak tashrifi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etar ekan, ushbu tashrif ikki tomonlama muloqotni yanada faollashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar quyidagi takliflarni ilgari surdilar:
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasi yuzasidan YEXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari idorasining taklif va tavsiyalarini taqdim etish;
Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning 60-yilligi munosabati bilan tadbirlar dasturi doirasida hamkorlikda davlat organlari va parlament a’zolari uchun seminar va treninglar tashkil etish;
YEXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari idorasi tomonidan nashr etilgan materiallarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va ularni tegishli davlat tashkilotlari hamda keng jamoatchilikka yetkazish;
milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha davlat organlari va parlament a’zolari uchun inson huquqlari sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda onlayn-kurslar ishlab chiqish va ularni hamkorlikda amalga oshirish.
Uchrashuv amaliy ruhda o‘tdi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Xalqaro hamkorlik bo‘limi yetakchi mutaxassisi A.Mirjalilov ham ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.05.2025
- Ko'rishlar: 191
- Chop etish