Yangi O‘zbekiston: davlat xizmati sohasidagi global o‘zgarishlar bilan hamqadam

23-iyun – BMTning Davlat xizmati kuni

 

Har yili 23-iyunda BMTning Davlat xizmati kuni butun dunyoda keng nishonlanadi. Mazkur sana BMT Bosh Assambleyasining 2002-yil 20-dekabrdagi 57/277-rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan.

Ushbu sananing belgilanishi davlat xizmatining jamiyat uchun naqadar qadrliligidan yorqin dalolat bo‘lib, taraqqiyot jarayoniga uning muhim hissasi borligini tasdiqlaydi. Bu sana davlat xizmatchilari faoliyatining munosib e’tirofi va yoshlarni davlat sektorida mansab pillapoyalaridan yuksalishga rag‘batlantirishning o‘ziga xos vositasi hamdir.

Xuddi shu sanada barcha mamlakatlarda davlat boshqaruvi tizimining yanada hozirjavobligi va samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan davlat xizmatchilari va davlat muassasalari xodimlari BMTning 2003-yilda joriy etilgan “Davlat xizmatini rivojlantirishdagi hissasi uchun” mukofoti bilan taqdirlanadi. Ushbu mukofot bir necha toifa, xususan:

  • davlat xizmatlarining ochiqligi, hisobdorligi va hozirjavobligini oshirish;

  • davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish;

  • innovatsiya mexanizmlari negizida hal qiluvchi qarorlar qabul qilish jarayonidagi faol ishtirokni rag‘batlantirish; 

  • davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashishga ko‘maklashish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha taqdim etiladi.

BMT mukofoti BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA) tomonidan har yili tashkil etiladigan BMT Davlat xizmati forumida tantanali ravishda topshiriladi. BMT Davlat xizmati forumi – davlat boshqaruvi sohasidagi salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan global anjumandir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2025-yilgi BMT Davlat xizmati forumi 23-25-iyun kunlari O‘zbekistonda, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Bugun, aynan 23-iyun – BMTning Davlat xizmati kuni yurtimiz zaminida tantanali ochilgan ana shu Forum «2030-yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishni jadallashtirish» mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilmoqda.

Forum BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti va O‘zbekiston hukumati hamkorligida tashkil etildi. Unda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida davlat boshqaruvi va xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini tezlashtirish zarurati muhokama qilinadi.

Muloqotlar asnosida davlat xizmatlarini yaxshilash uchun raqamli transformatsiya, innovatsiyalar va hamkorlik muhim omillar ekaniga urg‘u beriladi. Xususan, xizmatlardan yetarlicha foydalana olmayotgan jamoalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish va hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik masalalariga ahamiyat qaratiladi.

Forum BMTning Davlat xizmati kunida ochilganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Ekspertlarning fikricha, global anjuman davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda davlat xizmati samaradorligini oshirishga qaratilgan yuqori darajadagi muzokaralar, innovatsion yechimlar va strategik hamkorlik uchun qulay muloqot maydoni vazifasini o‘taydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Davlat xizmati bo‘yicha forumi ishtirokchilariga tabrigida ta’kidlanganidek, “Bugungi kunda davlat boshqaruvida raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning innovatsion yechimlarini qo‘llash, davlat sektori institutlarida samaradorlikni keskin oshirish, liderlik boshqaruv uslubini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim olishni kengaytirish va bo‘lajak rahbarlar uchun zarur ko‘nikmalarni belgilash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga egadir”.

BMT Davlat xizmati forumi Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda. Anjuman ishida BMT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar, dunyoning turli qit’a va mintaqa davlatlaridan 400 ga yaqin delegat ishtirok etmoqda.

Mazkur Forum arafasida, 2025-yil 19-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonini imzolagani alohida e’tiborga sazovor.

Farmonga ko‘ra, jumladan, davlat tashkilotidagi inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari rahbarlari kadrlar siyosati bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘ladi. Ular davlat xizmatini rivojlantirish agentligi yoki uning filiallari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Shuningdek, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat xizmatchilari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishni nazarda tutuvchi «Davlat xizmatchisi» mobil ilovasi ishga tushiriladi. Unda xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlar, bog‘lanish uchun telefon raqami, pochtasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haqidagi axborotlarni nazarda tutuvchi ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Bundan tashqari, BMT tomonidan 23-iyun – BMTning Davlat xizmati kuni deb e’lon qilinganligi hamda ushbu kunda davlat xizmati ahamiyatini yoritishga oid maxsus tadbirlar tashkil qilishga chaqirilganligi munosabati bilan har yili har bir vazirlik va idoralarda davlat xizmatchilarining oila a’zolari uchun «oila kuni» tadbirlari tashkil etiladi.

Shunday qilib, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, dunyoga tobora ochilayotgan, jadal islohotlar yo‘lidan borayotgan va ilg‘or xalqaro tajribani keng tatbiq etayotgan, “davlat – xalq uchun” tamoyiliga qat’iy amal qilib kelayotgan Yangi O‘zbekiston davlat xizmati sohasida global o‘zgarishlarning ajralmas bir qismiga aylanmoqda.

Mamlakatimizda BMTning Davlat xizmati kuni tadbirlari zamirida mujassamini topgan ezgu amallarni ro‘yobga chiqarish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, shu kunlarda mazkur yo‘nalishda Prezident Farmoni qabul qilinishi va Samarqand Forumi tashkil etilishi:

bir tomondan, jahon hamjamiyatining BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishi uchun xizmat qilsa;

ikkinchi tomondan, mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yo‘naltirish, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, sohaga istiqbolli kadrlarni jalb qilish va ularni professional mutaxassis etib tayyorlashning samarali tizimini joriy qilish, shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgandir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech