18-sentyabr kuni Andijon viloyatidagi davlat oliy ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” fanlarini o‘qitish holati bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur monitoring O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi.
Ishchi guruh tarkibida Milliy markaz va vazirlik mutaxassislari ishtirok etdi. Ular Andijon davlat universiteti, Andijon davlat pedagogika instituti va Andijon davlat tibbiyot universitetida dars jarayonlarini kuzatib, talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdilar.
Monitoring natijalari asosida ta’lim sifati yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi va tegishli oliy o‘quv yurtlari ma’muriyatlariga taqdim etildi.
Tadbir doirasida talabalarning inson huquqlari bo‘yicha bilimlarini oshirish, huquqiy savodxonlikni kuchaytirish va ta’lim jarayonini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, kafedralarga o‘quv jarayonlarida foydalanish uchun Milliy markazda chop etilgan maxsus adabiyotlar ham topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.09.2025
- Ko'rishlar: 148
- Chop etish