22-sentyabr kuni mamlakatimizda "Avtomobilsiz kun" aksiyasi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu ekologik tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi masalalariga bag‘ishlangan muhim sanalar bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar kalendar-rejasida ko‘zda tutilgan.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2024-yil 21-fevraldagi 37-sonli qaroriga ko‘ra, "Avtomobilsiz kun" aksiyasini har oyning to‘rtinchi chorshanbasida o‘tkazish an’anaga aylangan. Mazkur jamoatchilik loyihasi sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va transport harakati oqimini kamaytirish maqsadida o‘tkazib kelinmoqda.
Bu galgi tadbir doirasida “Mashinangizni uyda qoldiring!”, “Piyoda bo‘ling – toza havodan nafas oling!” shiorlari ostida barcha darajadagi vazirlik va idoralar, tashkilot va korxonalar xodimlari hamda rahbarlari tomonidan o‘z faoliyatini velosiped yoki ekologik transport orqali amalga oshirishga qaratilgan aksiyalar o‘tkaziladi.
Ushbu kunda davlat idoralari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, barcha fuqarolarga jamoat transporti, velosiped kabi ekologik toza transport vositalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Shaxsiy avtomobillardan voz kechib, ekologik toza transport vositalaridan foydalanish orqali har birimiz o‘zimiz nafas olayotgan havo tozaligiga hissa qo‘shamiz. Ayniqsa, 2025-yil O‘zbekistonda – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili, deb e’lon qilingani ushbu ekologik tashabbusning ahamiyatini yanada oshiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.09.2025
- Ko'rishlar: 138
- Chop etish