17–18-sentyabr kunlari Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahridagi “Iltifot” va “Shodiyona” hamda Andijon viloyati Qo‘g‘ontepa shahridagi “Yuksalish” va Abdurahmon Jomiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida keng qamrovli monitoring tadbirlari amalga oshirildi. Bunda asosan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy hayotda to‘laqonli ishtirokini ta’minlash va oiladagi maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish holati o‘rganildi.
Monitoring O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori hamda 2023-yil 12-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etildi.
Tadbir Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining 30-yilligi doirasida amalga oshirildi. Unda mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, maishiy zo‘ravonlikka qarshi huquqiy himoya va yordam mexanizmlarini baholash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Monitoringning asosiy maqsadi – jamiyat va oilada xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga qarshi kurashishda xalqaro me’yorlarga asoslangan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW) talablari bajarilishi ustidan nazoratni mustahkamlashdir. Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan maishiy zo‘ravonlik, gender tenglik va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar bilan bog‘liq muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Tadbir doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari hamkorligida keng qamrovli so‘rov va tadqiqotlar o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW) BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979-yilda qabul qilingan xalqaro-huquqiy hujjat bo‘lib, O‘zbekiston uni 1995-yilda ratifikatsiya qilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.09.2025
- Ko'rishlar: 120
- Chop etish