BMT vakili davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi ochiqlikni yuqori baholadi

Oliy Majlis Senatiga BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Matilda Bogner tashrif buyurdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston  Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida ilgari surilgan inson huquqlariga oid tashabbus va takliflar alohida e’tirof etildi.

Inson huquqlari sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, jumladan, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, Senat va BMT tuzilmalari o‘rtasidagi institutsional hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar keng jamoatchilik va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya loyihasi, shuningdek, xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishga qaratilgan parlament nazoratining yangi shakllarini muhokama qildi.

M.Bogner O‘zbekistonning majburiy mehnatga barham berish, sud-huquq tizimini isloh qilish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ochiqlik va muloqotni kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, sudyalar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini o‘qitish, parlamentning xalqaro hisobotlarda ishtirok etishi, inson huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qilishga fuqarolik jamiyatini faol jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech