Rossiya Fanlar akademiyasida Akademiyaning yangi xorijiy a’zolariga diplomlar topshirildi

21-noyabr kuni Rossiya Fanlar akademiyasida RFAning yangi xorijiy a’zolariga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xitoy va O‘zbekistonning yetakchi huquqshunos olimlari – professor Mo Szixun va akademik Akmal Saidov ushbu yuksak unvonga sazovor bo‘ldilar.

Rossiya Fanlar akademiyasi prezidenti o‘rinbosari, RFA Ijtimoiy fanlar bo‘limi akademik-kotibi Taliya Xabriyeva tantanali marosimni ochar ekan, huquqiy tafakkur rivojiga qo‘shgan hissasi yuksak e’tirofga loyiq bo‘lgan hamda  o‘z ilmiy-amaliy faoliyati bilan adolatli va barqaror dunyo tartibini barpo etishda huquqning o‘sib borayotgan rolini yorqin aks ettirib kelayotgan taniqli huquqshunos olimlarni taqdim etdi. RFA xorijiy tarkibi yangi a’zolarining jamoatchilikka tanishtirilishi nafaqat ushbu mashhur olimlarning shaxsiy yutuqlarini e’tirof etish, balki davlat chegaralarini bilmaydigan bilimlarning universalligini tasdiqlashning o‘ziga xos ifodasi ham ekani ta’kidlandi.

Xitoyning yetakchi huquqshunoslaridan biri, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Huquq instituti direktori, professor Mo Szixun RFAning xorijiy a’zosi diplomi va faxriy nishoni bilan taqdirlandi. U konstitutsiyaviy mantiqning noyob usuli muallifi sifatida tanilgan va o‘n yildan ortiq vaqt davomida Yevroosiyo korrupsiyaga qarshi kurash forumi ishida faol ishtirok etib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, tajribali parlament a’zosi, BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi va Xalqaro konstitutsiyaviy huquq assotsiatsiyasi a’zosi Akmal Saidovga ham RFAning xorijiy a’zosi unvoni berildi.

Diplomlarni RFA vitse-prezidenti, akademik Vladislav Panchenko topshirdi. U bugungi kunda ilmiy-texnikaviy hamkorlikning millatlararo dasturlarini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash har qachongidan ham muhimligini qayd etdi. "Milliy qonunchiliklarimiz sezilarli darajada farq qilgani uchun ularni uyg‘unlashtirishimiz lozim. Bu qo‘shma loyihalarni eng samarali tarzda tashkil etish va global muammolarga umumiy yechim topish uchun zarur", – dedi akademik V. Panchenko.

Xorijlik olimlar RFA a’zolari va Ijtimoiy fanlar bo‘limiga ishonch va rag‘bat uchun minnatdorchilik bildirdilar. Xususan, "RFA jahon ilmiy hamjamiyati uchun noyob maydon hisoblanadi, binobarin, uning a’zosi bo‘lish men o‘z zimmamga olgan va vijdonan bajarishga va’da bergan katta mas’uliyatdir," – dedi akademik A. Saidov.

 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech