O‘zbekistonda inson huquqlari va mahkumlar huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi

17-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari – Milliy markaz, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi vakillari hamda Jazoni ijro etish departamentining 35 va 24-sonli manzil koloniyalari boshliqlari, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori vakili Ispaniyaning Alkala de-Enares hududida joylashgan Madrid birinchi ayollar jazoni ijro etish muassasasida bo‘ldilar. Delegatsiyaga Ispaniya Penitensiar muassasalari Bosh kotibiyati xalqaro aloqalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Fernando De Lasala Porta hamrohlik qildi.

Delegatsiyani Madrid birinchi ayollar jazoni ijro etish muassasasi direktori Xesus Moreno va uning dasturlar va modellar bo‘yicha o‘rinbosari Anxel kutib oldi. Uchrashuv avvalida mazkur muassasa vakillari O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarini muassasadagi sharoitlar, mahkumlar bilan ishlash, ularni qayta tarbiyalash va jamiyatga integratsiya qilish, ularning reproduktiv salomatligini ta’minlash, ta’lim olishi va kasbga o‘rgatishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi.

Uchrashuv ijobiy ruhda va savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Muassasa mutasaddilarining O‘zbekistonda amal qilayotgan qiynoqlarning oldini olish va nazorat qilish tizimi, bunda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli to‘g‘risidagi savollariga atroflicha javob berildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari vakillariga mamlakatimizda inson huquqlari va mahkumlar huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek, yurtimizning ayollar koloniyasidagi xavfsizlik va tartibni saqlash,  ularga yaratilgan sharoitlar, bandlikni ta’minlash, ta’lim va boshqa imkoniyatlarga oid ma’lumotlar taqdim etildi.

Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari muassasadagi modullar, kameralar, tibbiyot xizmati ko‘rsatish sharoitlari, sport majmualari, savdo shoxobchalari, mashg‘ulot binolari, kasbga tayyorlash, ta’lim va boshqa sharoitlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tanishishi imkoniga ega bo‘ldilar. Tanishuv davomida delegatsiya a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.

 

Ma’lumot uchun: Alkala de-Enaresdagi Madrid birinchi ayollar jazoni ijro etish muassasasi 1981-yilda Shveysariya modeli asosida barpo qilingan. Muassasa 700 nafar mahkumani saqlash uchun mo‘ljallangan.

Bugungi kunda muassasada 515 mahkuma saqlanmoqda. Bu mahkumalarning uchdan ikki qismi chet el fuqarolari bo‘lib, ular asosan Ispaniya hududiga giyohvand moddalarni olib kirishga harakat qilgani uchun qo‘lga olingan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech