Imtiyoz va ijtimoiy kafolatlarni ta’minlamagan mansabdor shaxslarga jarima solinadi
“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Mazkur qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, shaharsozlik hujjatlariga ularda nogironligi bo‘lgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha loyihaning alohida bo‘limi mavjud bo‘lmagan holda ekspert tashkilotlar tomonidan ijobiy xulosa berish BHMning 50 baravaridan 70 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy boshqarmalari, "Inson" markazlari, Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ularning qonunchilikda belgilangan talablarini bajarmaslik fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyoz va ijtimoiy kafolatlarni ta’minlamagan mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida BHMning 100 baravarigacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalariga daromad solig‘i solinmaydi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский