Madriddagi Inson huquqlari institutida uchrashuv
17-dekabrda O‘zbekiston delegatsiyasining Ispaniyaga amaliy tashrifi davomida Karlos III nomidagi Madrid universitetining Inson huquqlari institutida uchrashuv bo‘ldi. Unda Institut direktori Karla Boronko, direktor o‘rinbosari Xaviyer Dorado va xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Ereno Visente ishtirok etdi. Uchrashuv Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Gregorio Pesesa-Barba nomidagi Inson huquqlari instituti 1993-yil 28-maydagi Qirol Farmoni bilan tashkil etilgan. Institut faoliyati Madrid universitetining yuridik fanlarning turli sohalari bo‘yicha professorlaridan iborat akademik hamjamiyat tomonidan amalga oshiriladi.
Institut direktori K. Boronko delegatsiya a’zolarini institut faoliyati, asosiy faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Institutning Ispaniyada inson huquqlari sohasidagi ikkinchi milliy strategiyani ishlab chiqishda tutgan o‘rni, inson huquqlarining turli yo‘nalishlari, jumladan, bolalar huquqlarini himoya qilish, gender tenglik, nogironlar huquqlarini ro‘yobga chiqarish, mahkumlar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirgan loyihalari haqida qisqacha ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida Institut vakillari O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar samaralari bilan tanishtirildi. Jumladan, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar, inson huquqlari sohasidagi ta’lim kabi yo‘nalishlarda erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi.
Muloqotda oliy ta’limdan keyingi ta’lim, inson huquqlari sohasida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan ishlash, muqobil ma’ruzalar tayyorlash va inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqotlarni birgalikda olib borish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar mazkur uchrashuv o‘zaro hamkorlikning boshlanish nuqtasi ekanligini ta’kidladilar.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari shu kuni Ispaniya davlat tadqiqot universiteti – Madrid Komplutens universitetiga tashrif buyurdi. Madrid universiteti dunyoning eng qadimiy va nufuzli universitetlaridan hisoblanadi. Universitet bitiruvchilari va professorlari orasidan 7 ta Nobel mukofoti sovrindorlari va ko‘plab boshqa nufuzli mukofotlar sovrindorlari hamda yuqori martabali mansabdor va boshqa shaxslar chiqqan.
Universitetning protsessual huquq fakulteti dekani va boshqa professorlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu jarayonlarda delegatsiya a’zolariga universitet, shu bilan birga fakultet faoliyati, shuningdek, Ispaniyaning jinoyat va fuqarolik protsessual qonunchiligi tarixi va amaliyoti xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Bu yerda protsessual huquqning turli yo‘nalishlarida va turli davlatlar vakillari uchun amaliyot maktablari faoliyat yuritishi ta’kidlanib, ularni amalga oshirish tartibi bilan mehmonlar tanishtirildi. Fakultet vakillari O‘zbekistonning ushbu sohadagi qonunchiligi haqidagi savollariga ham tegishlicha javob oldilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский