O‘zbekistonning BMT organlari uchun milliy ma’ruzalar tayyorlash tajribasi Ispaniya vakillarida qiziqish uyg‘otdi
18-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi vakillari hamda Jazoni ijro etish departamentining 35 va 24-sonli manzil koloniyalari boshliqlari, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori vakilidan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Ispaniya Adliya vazirligiga tashrif buyurdi.
Bu yerda Ispaniya Adliya vazirining xalqaro-huquqiy munosabatlar bo‘yicha maslahatchisi Maria Xose Savarri, Tashqi ishlar vazirligining Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi bosh direktori o‘rinbosari Oskar Revuyelta, shuningdek, Violeta Martin Pedregal va boshqa rasmiylar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot asnosida O‘zbekiston delegatsiyasi vakili Dilnoza Muratova mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zladi. Xususan, Yangi O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyaning ijrosi va keyingi davrda inson huquqlari sohasidagi ta’lim, gender tenglikni ta’minlash, bolalar kabi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari huquqlarini himoya qilish sohasida muhim natijalarga erishilgani qayd etildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan inson qadr-qimmati va huquqlarining kafolatlari, sud-huquq tizimini demokratlashtirish, sudlar mustaqilligini ta’minlash, milliy preventiv mexanizm va boshqa muhim strategik qadamlar haqida ma’lumot berildi. E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekistonning BMT organlariga taqdim etadigan milliy ma’ruzalarini tayyorlash va himoya qilish bo‘yicha tajribasi Ispaniya vakillarida qiziqish uyg‘otdi va ijobiy tajriba sifatida e’tirof etildi.
O‘z navbatida, Ispaniya tomonidan mas’ul vakil Oskar Revuyelta Ispaniyaning inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Milliy strategiyasi haqida taqdimot o‘tkazdi. U mamlakatda huquq ustuvorligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, shuningdek, Ispaniyaning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish va BMTning inson huquqlari bo‘yicha organlariga milliy ma’ruzalarni tayyorlash va taqdim etish borasidagi ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shu bilan birga, Qiynoqlarga qarshi konvensiya qoidalarining Ispaniyada amal qilishi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Bu o‘rinda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Ispaniya milliy preventiv mexanizmining o‘ziga xos xususiyatlari bilan ham yaqindan tanishtirilganini ta’kidlash lozim.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ayniqsa, raqamli adliya tizimini joriy etish, milliy ma’ruzalar tayyorlash va taqdim etish, ayollar hamda bolalar huquqlarini himoya qilish masalalarida fikr va tajriba almashildi.
Shuningdek, mehmonlarning individual murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha savoliga javob berar ekan, janob Oskar Revuyelta bu boradagi Ispaniya tajribasiga batafsil to‘xtaldi.
Uchrashuv ishchan kayfiyatda va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi huquqiy sohadagi hamkorlikning bugungi holatini yuqori baholab, kelgusidagi istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildilar.
Muloqot yakunida tomonlar inson huquqlarini ta’minlash va huquqiy sohada doimiy muloqotni davom ettirish, o‘zaro delegatsiyalar tashrifini tizimli yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский