“Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

23-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-yilligi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 77-yilligi va 10-dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan e’lon qilingan “Inson huquqlari o‘n kunligi” doirasida o‘tkazildi.

Keyingi yillarda yurtimizda inson qadri, uning huquq va erkinliklarini yuksak qadrlash g‘oyasiga bag‘ishlangan islohotlar nafaqat samarali, balki keng qamrovliligi va izchilligi bilan ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasida “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovini tashkil etish vazifasi belgilangan.

Mazkur tanlovning tashkil qilish bo‘yicha Nizom 2023-yilda tasdiqlanib, shundan buyon har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilda mamlakatimiz bo‘ylab tanlovning 6 ta nominatsiyasi bo‘yicha jami 176 nafar iqtidorli, tashabbuskor va faol ishtirokchi o‘z ilmiy-ijodiy ishlari, loyihalari va ilg‘or g‘oyalarini taqdim etdi.

Nizomga ko‘ra, agar ma’lum bir nominatsiya bo‘yicha 3 ta yoki undan kam ariza kelib tushgan bo‘lsa, o‘sha nominatsiyada tanlov o‘tkazilmaydi. Shu sababli, “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyotlari: bosma va elektron o‘quv adabiyoti” hamda “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash masalasi ko‘rib chiqilmadi.

Ayniqsa, tanlovga inson huquqlarining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 70 dan ortiq ilmiy va ommabop maqola, 15 ta ilmiy-innovatsion loyiha, 20 dan ziyod videorolik, shuningdek, bir qator o‘quv adabiyotlari kelib tushganini alohida e’tirof etish lozim. Bu, shubhasiz, yurtimizda inson huquqlarini hurmat qilish, targ‘ib etish va o‘sib kelayotgan avlod ongida insonparvarlik qadriyatlarini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning yana bir yorqin namunasidir.

Har bir ish mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan puxta, sinchiklab ko‘rildi va xolisona baholandi. Eng munosib ishlar tanlov g‘olibligiga tavsiya qilindi.

Shuningdek, bu yil “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi bilimdon” nominatsiyasi ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar bilim darajasini test sinovlari orqali namoyon etgan bo‘lsa, saralashda eng yuqori natijalarni qo‘lga kiritganlar ikkinchi bosqichga – suhbat jarayoniga taklif etildi. Bu bosqichda ular ekspertlar tomonidan berilgan inson huquqlarining turli sohalariga oid savollarga atroflicha javob berdilar.

Quyidagi ishtirokchilar “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovining joriy yilgi g‘oliblari sifatida e’tirof etildi:

“Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi videorolik” nominatsiyasi bo‘yicha:

1-o‘rin -  Qurbonova Nafisa Shavkat qizi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistranti; 

2-o‘rin -  Jo‘rayev Adxam Mingziya o‘g‘li, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi raisi;

3-o‘rin – Vohidov  Nurzodbek Ilxomjon o‘g‘li, “MTV” telekanali jurnalisti;

        

  “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi innovatsion g‘oya muallifi” nominatsiyasi bo‘yicha:

  1-o‘rin – Sodiqov Jaxongir Toshpulat o‘g‘li, Shahrisabz davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi;

2-o‘rin – Rustamov Javlon Bozor o‘g‘li, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti talabasi; 

2-o‘rin - Azizova Farangiz Yashin qizi, Samarqand shahridagi Prezident maktabi 8-sinf o‘quvchisi;

3-o‘rin - Jaloliddinova Komila Muxammad Olim qizi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti, “Yurisprudensiya” 3-kurs talabasi;

“Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi bilimdon” nominatsiyasi bo‘yicha:

1-o‘rin – Valijonov Daler Dilshodovich, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) dotsenti;

2-o‘rin – Abduqodirov Rahmiddin Hazratqul o‘g‘li, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi;

3-o‘rin – G‘aniyev Xurshidbek Yoqubjon o‘g‘li, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Yurisprudensiya: Tergov faoliyati” yo‘nalishi 3-kurs talabasi;

3-o‘rin - Jamilova Jasmina Jamshid qizi, Buxoro viloyati Gijduvon tumani 67-maktabning 11-sinf o‘quvchisi;

 “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi maqola: eng yaxshi ilmiy maqola va eng yaxshi ommabop maqola” nominatsiyasi bo‘yicha:

1-o‘rin – Vapayev Karimboy Muzaffar o‘g‘li, Ombudsman Devoni mutaxassisi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jinoiy odil sudlov fakulteti 4-bosqich talabasi;

2-o‘rin - G‘ofurjonov Nizomiddin Akmaljon o‘g‘li, “O‘zbekiston” NMIU MCHJ yuriskonsulti;

2-o‘rin - Yodgorova Zebo Nurbek qizi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Yurisprudensiya yo‘nalishi  3-kurs talabasi;

            

3-o‘rin – Habibullayev  Muhammadrajab Obidjon o‘g‘li, Farg‘ona  davlat universiteti, yurisprudensiya yo‘nalishi 1-bosqich talabasi;

3-o‘rin - Abdusalomov Ilhomjon Abduqayum o‘g‘li, “Adolat” SDP Markaziy apparati yetakchi mutaxassisi, O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti 3-bosqich talabasi.

Tanlov g‘oliblariga tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari va maxsus diplom taqdim etildi.   

Shuningdek, tadbirda ushbu tanlovni tashkil qilishda samarali ko‘magi uchun hamkor vazirlik va idoralar vakillariga tashakkurnomalar taqdim etildi.

Mazkur milliy tanlov inson huquqlari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalarni rag‘batlantirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda ushbu sohada ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega. Tanlov g‘oliblari va faol qatnashchilarining muvaffaqiyatlari inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech