Madriddagi Fuenkarral-El-Pardo politsiya uchastkasi faoliyati bilan tanishuv

18-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi vakillari hamda Jazoni ijro etish departamentining 35 va 24-sonli manzil koloniyalari boshliqlari, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vakilidan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Madrid shahrining eng katta tumani bo‘lgan Fuenkarral-El-Pardo politsiya uchastkasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda delegatsiya a’zolarini politsiya uchastkasi bosh komissari Karlos Vilya Errero va boshqalar kutib oldi.

Karlos Vilya Errero delegatsiya a’zolariga Fuenkarral-El-Pardo politsiya uchastkasining hibsga olinganlarni saqlash xonalari, sharoitlari bilan tanishtirdi. Hibsga olinganlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, gigiyena talablariga rioya qilish tartibini tushuntirdi. Shuningdek, hibsga olingan shaxslarni huquq va erkinliklari bilan tanishtirish, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, xavfsizlikni ta’minlash choralari haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuv davomida Ispaniya jamoat tartibini saqlash tizimi, huquqbuzarliklarga qarshi kurash, hibsga olish tartibi va ularning huquqlarini ta’minlash sohasidagi qonunchilik, ushbu sohada politsiya xodimlari tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, qiynoqlarga qarshi kurash va faoliyat asnosida inson huquqlarini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan taqdimotni namoyish qilindi.

Karlos Vilya Errero huquqbuzarlikda gumon qilingan shaxslarni hibsga olish jarayoni Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan qo‘llanma asosida amalga oshirilishi, politsiya xodimlarining har bir harakati va so‘zlari qayd etib borilishi, qo‘lga olingan huquqbuzarni shaxsini aniqlash, kuch ishlatish yoki boshqa harakatlarning mutanosib bo‘lishi lozimligi masalalariga alohida to‘xtaldi.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Inson huquqlarini himoya qilish bo‘linmasi politsiya xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan olib boradigan faoliyati, shuningdek, politsiya xodimlari faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyati delegatsiya a’zolarida qiziqish uyg‘otdi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari Ispaniyadagi shaxsni qo‘lga olish jarayoni va ushbu sohadagi qonunchilik O‘zbekiston qonunchiligi va tartibiga juda yaqin ekanligini ta’kidladilar. Muloqot yakunida bir qator savollarga batafsil javoblar olindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech