Madridda Memorandum imzolandi

18-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Ispaniyadagi Taraqqiyot va odil sudlov xalqaro markazi (CDJI) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatni imzolash marosimi mamlakatimiz delegatsiyasining Ispaniya Adliya vazirligiga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikning umumiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va institutsional rivojlanishni ilgari surish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda davlat va akademik tuzilmalarning salohiyatini oshirishga yo‘naltirilganini qayd etdilar.

Ushbu Memorandum inson huquqlari sohasida ixtisoslashayotgan magistratura va doktorantura talabalari orasida tadqiqot hamda tahlil ko‘nikmalarini rivojlantirish, adolat va inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan. Hujjat, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumini qo‘llab-quvvatlash, inson huquqlarining dolzarb masalalari yuzasidan tahliliy va uslubiy materiallar tayyorlash, jazoni ijro etish tizimini rivojlantirishda xalqaro standartlarni targ‘ib qilish borasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tadbir davomida Taraqqiyot va odil sudlov xalqaro markazi prezidenti Azamat Shambilovga, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmatlari, inson huquqlarini targ‘ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta’lim, yoshlar o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish an’analarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlarini e’tirof etgan holda, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni topshirildi.

Ma’lumot uchun: Taraqqiyot va odil sudlov xalqaro markazi (CDJI) xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, uning faoliyati turli xorijiy mamlakatlarda, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarida odil sudlovni mustahkamlash, inson huquqlarini ilgari surish va inklyuziv davlat boshqaruvini rivojlantirishga qaratilgan. Tashkilot qarorgohi Ispaniyada joylashgan. 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech