Turkiy davlatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari hamkorligini mustahkamlash yo‘lida

2021 yil 14 dekabr kuni Turkiya Respublikasi Ombudsmani Sheref Malkoch tashabbusi bilan Turkiy davlatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari vakillarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiy davlatlar Ombudsmanlari va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari assotsiatsiyasini tuzishga doir masalalar muhokama qilindi.

Onlayn muloqotda Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston Ombudsmanlari va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Millliy markazi vakili turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanayotgan hozirgi sharoitda tashkil etiladigan Assotsiatsiya inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar uchun qulay hamkorlik maydoniga aylanishini ta’kidladi. Bo‘lajak tuzilma, shuningdek, ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan fuqarolar huquqlarini ta’minlash sohasidagi masalalarni hal etishga ko‘maklashadi.

Ma’lumot uchun: Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashining 2021 yil 12 noyabrda Istanbulda bo‘lib o‘tgan sammitida Turkiy Kengash “Turkiy davlatlar tashkiloti” deya qayta nomlandi. Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashi negizida tashkil topadigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti 2022 yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Tashkilot a’zolari safida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va 2019 yildan buyon O‘zbekiston bor. Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi maqomiga ega.

Shuni ta’kidlash joizki, 2019 yil 18-19 noyabr kunlari Istanbulda bo‘lib o‘tgan Ombudsmanlarning 2-xalqaro konferensiyasida va 2020 yil 4 noyabrdagi onlayn uchrashuvda Turkiya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston Ombudsmanlari Turkiy tilli davlatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari assotsiatsiyasini tuzish imkoniyatlarini muhokama qilgan. Ammo, koronavirus pandemiyasi tarqalgani munosabati bilan ushbu masalaga yakuniy yechim topish keyinga qoldirilgandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech