2021 yil 15 dekabr kuni Toshkent shahrida 20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni hamda 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlangan “Bolalarga bering dunyoni” va “Konstitutsiya – mening nigohimda” tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Onlayn tanlovlar Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
“Bolalarga bering dunyoni” tanloviga o‘quvchi-yoshlar tomonidan jo‘natilgan 500 dan ortiq ijodiy ish orasidan mutlaq g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Xususan, “Bola huquqlariga oid eng ta’sirli videorolik” yo‘nalishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garagi a’zosi Beksultan Nzamatdinov birinchi o‘ringa loyiq deb topildi.
Shuningdek, “Bola huquqlariga oid eng ma’noli chizilgan rasm” yo‘nalishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garagi a’zosi Gulasen Allanova birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
O‘z navbatida, “Konstitutsiya – mening nigohimda” onlayn tanloviga mamlakatimizning barcha hududlaridan o‘quvchi-yoshlar tomonidan jo‘natilgan 700 dan ortiq ijodiy ish orasidan mutlaq g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Birinchi o‘rin Namangan viloyati, Davlatobod tumani, 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Saidkomil Komiljonovga nasib etdi.
Tanlov g‘oliblari sertifikat va qimmatli sovg‘alar, jumladan, planshet, telefon, smart-soatlar bilan taqdirlandi. Tanlovda faol ishtirok etgan o‘quvchi-yoshlar ham sertifikat va kitoblar to‘plami sohiblariga aylandilar.
Mazkur tanlovlar bolalarning o‘z huquq va erkinliklarini, Konstitutsiyani bilish darajalarini namoyon qildi. “Konstitutsiya – mening nigohimda” onlayn tanlovi yoshlarning Asosiy qonunimiz mazmun-mohiyatidan yaxshi xabardor ekanini ko‘rsatdi. Eng muhimi, bolalarimizning huquqiy bilimlarini oshirish va bu boradagi ko‘nikmalarini rivojlantirish istagi kuchli ekani yaqqol namoyon bo‘ldi.
Tanlov ishtirokchilari va g‘oliblari tomonidan ta’kidlanganidek, har ikki tanlov yurtimiz yoshlarida katta taassurot qoldirdi va ularning o‘z huquqlari va Konstitutsiya to‘g‘risidagi bilimlarini yaxshilashga xizmat qildi. Shuning uchun bunday tanlovlar kelgusida ham o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.12.2021
- Ko'rishlar: 3938
- Chop etish