“O‘zbekiston prokuraturasi: kecha, bugun va ertaga”

 2021 yil 16 dekabr kuni Toshkentda shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi tashkil topganining 30 yilligiga bag‘ishlandi.

Onlayn va oflayn tarzda tashkil etilgan xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida tub yangilanish islohotlari amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz qayd etganidek, Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan norma va prinsiplarga qatiy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir.

Bu islohotlarni amalga oshirishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan, prokuratura organlari oldida ham qator vazifalar qo‘yildi. 

Shuningdek, BMT Inson huquqlari kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayan 2019 yil 19-25 sentyabr kunlari Hukumat taklifi bilan O‘zbekistonda bo‘lib, o‘zing hisobotida prokuratura organlarini isloh qilish masalasida o‘z mulohazalarini bildirgan edi. Shu takliflar asosida o‘tgan davrda ayni sohada bir qator amaliy ishlar qilindi.

Birinchidan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasiga tizimli yondashuvni nazarda tutadigan kompleks chora-tadbirlardan iborat strategik hujjat – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlandi.

Milliy strategiyada 2020-2025 yillar uchun inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida amalga oshiriladigan islohot maqsadlari, yo‘nalishlari va tadbirlari belgilab berildi. Milliy strategiya doirasida sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, advokatura tizimi faoliyatini takomillashtirish, ularni tom ma’noda inson huquq va manfaatlari himoyachisiga aylantirish bo‘yicha tadbirlar ko‘zda tutildi.

Ikkinchidan. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish ishlari samarali amalga oshirilmoqda. Bolalar, ayollar, nogironlar, migrantlar, odam savdosi jabrdiylari, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotganlar va boshqa ijtimoiy zaif aholi qatlamlarining huquqlarini ta’minlash bo‘yicha jami 78 band bo‘yicha tadbirlar belgilangan. Jumladan, 33 ta qonun hujjati hamda 12 ta kodeks qabul qilinishi nazarda tutilgan.

Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahriri loyihasi, “Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi va boshqa qonunchilik hujjatlari ishlab chiqildi.

Uchinchidan. Majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berishning qonunchilik asoslari kuchaytirib borilmoqda. Jumladan, 2021 yilda Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bolalar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaslik to‘g‘risidagi talablarni buzish hamda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash kabi xatti-qarakatlar uchun ma’muriy va jinoyat javobgarlik kuchaytirildi.

2021 yilda AQSh Davlat departamenti 2020 yil yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Hisobotda O‘zbekiston 2003 yildan buyon ilk marotaba dunyo bo‘ylab odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha samarali sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan ikkinchi toifadagi (TIER 2) davlatlar darajasiga ko‘tarildi. Hisobotda COVID-19 pandemiyasi ta’siriga qaramasdan O‘zbekiston tomonidan odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida olib borilgan ishlar ijobiy baholangan.

To‘rtinchidan. Bosh prokuratura O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida xalqaro shartnomalar bo‘yicha majburiyatlariga doir BMT shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini bajarish bo‘yicha milliy harakat rejalari va O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini tayyorlashda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Beshinchidan. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan prokuratura organlari xodimlarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish kurslari amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2020 yil 18 noyabrdan – 2021 yil 29 yanvargacha “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli asosida 40 ta onlayn-mashg‘ulot o‘tkazilib, unda 400 dan ortiq rahbar xodim o‘qitildi.

2021 yil 8 noyabr kuni xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan prokuratura organlari xodimlari uchun “Qiynoqlarga qarshi kurash: xalqaro va milliy tajriba”, “Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari”, “Bangkok koidalari”, “Istanbul protokoli” mavzularida amaliy treninglar boshlandi. Bunda mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu treninglar joriy yilning oxirigacha davom etadi. Butun respublika bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan prokuraturaning 1000 dan ortiq xodimi malakasi oshirilmoqda.

Oltinchidan. 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisligi bo‘yicha magistr kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Bosh prokuratura Akademiyasi hamkorligida “Migrantlar huquqi” mavzusida o‘quv-metodik materiallar va darslik ishlab chiqilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech