2021 yil 17 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan “Konstitutsiya – Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi keng ko‘lamli islohotlarning asosi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitutsiya qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan bayram tabrigi mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlandi.
Onlayn va oflayn shakldagi tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Oliy Majlis huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Yoshlar komissiyasi a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta’kidlaganidek, davlatimiz rahbarining tabrigida konstitutsiyaviy islohotning to‘qqiz yo‘nalishi qamrab olingan. Mamlakatimiz kelajagi uchun muhim ana shu tarixiy vazifalarning ijrosi barchamizga birdek bog‘liq.
Zamon o‘zgargani sayin talablar ham shunga munosib tarzda ortib boradi. Ijtimoiy davlat qurishdek muhim yo‘lga otlangan ekanmiz, bunda inson, jamiyat, davlat tamoyili ustun qo‘yilishi kerak. Shundan kelib chiqib, bu yo‘lda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, murojaatlar bilan ishlash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish borasida mavjud mexanizmni yanada takomillashtirish masalasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qo‘yish ertangi tinch, osoyishta va farovon hayotimiz garovi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Bugunimiz va ertamiz egalari hisoblanuvchi farzandlarimizning Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqishlari uchun qulay zamonaviy sharoitlar yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, hozirgi kunda Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga qaratilgan yoshlar sohasidagi davlat siyosati, o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada o‘z aksini topishi kerakligi tabrikda alohida takidlangani bejiz emas.
Mamlakat rahbari tomonidan Oliy Majlis palatalari, deputat va senatorlar, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar jamoatchiligi, huquqshunos va siyosatshunos olimlar, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, butun xalqimiz bu masalada o‘zining aniq fikr va qarashlarini bildiradilar, deb ishonch bildirilgani keng jamoatchilik zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Shundan kelib chiqib, tadbirda deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar ertangi taraqqiyot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun xizmat qilishi lozimligiga e’tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.12.2021
- Ko'rishlar: 3051
- Chop etish