Mazmunli va samimiy o‘tdi

Yangi O‘zbekistonning har tomonlama barkamol, bilimli va zukko yoshlarini tarbiyalashda ijtimoiy faol, ziyoli hamda obro‘li keksa avlod vakillari,  faxriylarimizning boy hayotiy tajribasi muhim o‘rin tutadi.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari faxriylari kengashi tomonidan ham o‘z davomchilariga shaxsiy ibrat va namuna  ko‘rsatish orqali ular qalbida Vatanni sevish, ardoqlash hamda yurt ertasi uchun daxldorlik hissini shakllantirish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, faxriylar kengashi tashabbusi bilan Amir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasida tashkil etilgan davra suhbati mazkur tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ishtirok etgan mazkur davra suhbati  “Inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusiga bag‘ishlandi.

Akademiya rahbariyati, faxriylar, professor-o‘qituvchilar hamda kursantlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda  inson huquq va erkinliklarining kafolatlari, so‘z va vijdon erkinligini taminlovchi normativ-huquqiy hujjatlar bazasining yaratilishi hamda bu boradagi jahon tajribasi haqida so‘z yuritildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga batafsil javob oldilar.

Tadbir davomida shaxsiy tarkibning kitobxonlik madaniyati va huquqiy savodxonligini yanada oshirish maqsadida akademik Akmal Saidov tomonidan Akademiya kutubxonasi uchun huquqshunoslikka oid 120 dan ortiq kitob sovg‘a qilindi, deb xabar berdi “Vatanparvar” gazetasi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech