Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi loyihasi – fuqarolik jamiyati muhokamasida

Shu kunlarda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi jamoatchiligimiz tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda turli soha vakillari bilan turkum muloqotlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi.

7 yanvar kuni ayni mavzudagi ilk muloqot fuqarolik jamiyati institutlarining yuz nafarga yaqin faoli ishtirokida oflayn va onlayn tarzda tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochar ekan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim jihatlariga to‘xtaldi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasini 2017–2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan davrda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, Prezidentning 4 mingdan ziyod farmon va qarorlari qabul qilindi. Shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Ayni vaqtda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasini keng jamoatchilik ishtirokida qizg‘in muhokama qilish jarayoni davom etmoqda. Ushbu hujjatdan ko‘zlangan maqsad “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida aholi farovonligini yanada yuksaltirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishdir.

Fuqarolarga loyiha yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini regulation.gov.uz, jamoatchilik.uz va 2022-2026.strategy.uz elektron platformalari orqali yozib qoldirish imkoniyatlari yaratilgan.

Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan o‘zaro muloqotda inson sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish orqali insonparvar davlat barpo etish hamda erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish istiqbollari xususida so‘z yuritildi. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi loyihasida ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish nazarda tutilganiga alohida e’tibor qaratildi.

Bunda, jumladan, quyidagilar taklif etilmoqda:

  • jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish;
  • xalq deputatlari Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga ajratilayotgan mablag‘lar hajmini 7 barobarga oshirish.

Muloqot asnosida ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati sub’ektlarini keng jalb qilish, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi va saylov madaniyatini oshirish, saylovlarga oid xalqaro standartlarni qonunchilikka implementatsiya qilish ishlarini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilarining fikricha, davlat organlari faoliyatini o‘rganishda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish o‘z samarasini beradi.

Shu bilan birga, jamoatchilik muloqotida ijtimoiy sheriklikning samaradorligi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmini oshirish yuzasidan berilgan takliflar bo‘yicha ham atroflicha fikr almashindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech