Jabrlanuvchilarning huquqiy himoyasi yanada mustahkamlanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik haqidagi 991-moddasiga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zararning to‘la hajmda to‘lanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 1021-moddasi ikkinchi qismiga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasija yetkazilgan ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar qoplanishi haqidagi normani kiritish taklif etilyapti.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi qiynoqqa solish oqibatida zarar ko‘rgan jabrlanuvchilarning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech