Milliy markaz faxriylari taqdirlandi

Uzoq yillar davomida el-yurtimizga astoydil xizmat qilgan, endilikda boy mehnat tajribasi, hayotiy hikmatlari bilan jamiyatimiz taraqqiyoti va yosh avlod tarbiyasi yo‘lida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan fidoyi insonlarning munosib taqdirlanishi  o‘ziga xos quvonchli va ibratli voqeadir.

Bu, bir tomondan, ana shu jonkuyar yurtdoshlarimizning ko‘p yillik mehnatlariga berilgan yuqori baho bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizda inson qadriga nisbatan ko‘rsatilayotgan yuksak  ehtirom hamda e’zozu e’tibor ifodasi hisoblanadi.

 Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining  Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi, adliya maslahatchisi Farida Haqberdieva O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga 30 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlangani munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda shu haqda so‘z bordi.

Hamkasbimizga esdalik  nishoni, faxriy yorliq va sovg‘alar Toshkent viloyati Prokuraturasi rahbariyati tomonidan tantanali tarzda topshirildi.

Yana bir faxriymiz – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Kadrlar bo‘yicha inspektori Abdukamol Po‘latov “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni  bilan taqdirlandi.

Fursatdan foydalanib, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining jamoasi jonkuyar faxriy hamkasblarimizni samimiy muborakbod etadi.

 

    Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech