2022 yil 29 yanvar kuni Bryusselda «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining 15-yig‘ilishi boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Delegatsiya rahbari A.Saidov 30 yanvarda Yevropa ommaviy axborot vositalari va madaniy-gumanitar sohalar vakillari ishtirokidagi matbuot tadbirlari doirasida Belgiyaning “Modern Education & Research Institute” (MERI) ta’lim instituti direktori Ye.Saranok bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi va oliy ta’lim ravnaqiga alohida ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi. Ayni vaqtda mamlakatda 142 ta oliy o‘quv yurti mavjud bo‘lib, ular orasida nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari ko‘pchilikni tashkil etadi.
O‘z navbatida, Ye.Saranok Bryusselda joylashgan MERI ta’lim institutiga 2016 yilda oliy ta’lim sohasida faoliyat yuritadigan notijorat tashkilot sifatida asos solinganini ma’lum qildi. Mazkur institut ta’limni baynalmilallashtirishga ko‘maklashish hamda oliy ta’lim tizimiga global miqyosdagi zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasida o‘qituvchilar va universitetlar ma’muriyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.
MERI ta’lim institutida muntazam ravishda xalqaro ilmiy konferensiyalar, malaka oshirish dasturlari, ta’limning innovatsion usullarini tatbiq etish bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi. Bu yerda, monografiya va ilmiy tadqiqotlar taqdimotlari uchun ham keng shart-sharoit yaratilgan.
Muloqot chog‘ida o‘zaro hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlari muhokama qilindi. MERI ta’lim instituti direktori o‘zbek olimlarini, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti huquqshunos mutaxassislarini Lyoven katolik universitetida tajriba (stajarovka) o‘tash hamda ushbu oliy ta’lim muassasasi huzuridagi Yevropa huquqi markazi faoliyatini o‘rganish uchun taklif etishga yordamlashgani tayyor ekanini bildirdi.
Bundan tashqari, Ye.Saranok o‘zi rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasasi O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni kengaytirishga shayligini qayd etdi. Bu o‘rinda turli sohalar bo‘yicha saboq beradigan o‘qituvchilar malakasini oshirish va oliy o‘quv yurtlarining xalqaro ko‘lamdagi faolligini kuchaytirish masalalari haqida so‘z bormoqda.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan muayyan kelishuvlarga erishildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 31.01.2022
- Ko'rishlar: 2624
- Chop etish