2022 yil 4 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasidagi inson qadrini ta’minlashning ustuvor maqsad va vazifalarini amalga oshirishda parlamentning o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, Adliya vazirliklari, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zNNTMA, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A. Saidov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Ta’kidlanganidek, Harakatlar strategiyasi doirasida islohotlarning natijasida mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi. Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi 2026 yilgacha bo‘lgan bunyodkorlik jarayonini qamrab oladi va yilma-yil amalga oshirib boriladi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan Taraqqiyot strategiyasida yettita ustuvor yo‘nalish belgilab olinganligi va har bir yo‘nalish zamirida inson qadrini ta’minlashdek ulug‘ maqsad yotganligi alohida e’tirof etildi.
Qayd etilganidek, davlat va shaxs, jamiyat va inson munosabatlarida har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bir qator tamoyillarning ilgari surilishi va ular mamlakatimizning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarida eng muhim o‘rin tutishi Yangi O‘zbekistonda insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasida bundan buyon tutadigan pozitsiyasini dunyo hamjamiyati tan olishiga zamin yaratadi.
Taraqqiyot strategiyasida ko‘pgina sohalar qatori inson qadrini yuksaltirish bilan bog‘liq bir qator maqsad va vazifalar ham qamrab olingan. Jumladan, 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilab olingan bo‘lib, 1-yo‘nalish “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo qilish” deb nomlangan. U 12 maqsad va 45 ta vazifani qamrab olgan. Ushbu maqsadlarga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo‘lgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, natijada mahallani jamiyatning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylantirish vazifasi qo‘yilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidlek, xalq bilan muloqotning mexanizmlarini takomillashtirish deb nomlangan 11-maqsadda “Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart” g‘oyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi “Xalqparvar davlat” milliy dasturini amalga oshirish, xalq bilan ochiq muloqotning mexanizmlarini yanada takomillashtirish, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish kabi vazifalar qo‘yilgan. Shuningdek, Taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir insonning huquqlarini to‘liq ta’minlash, manfaatlarini himoya qilishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga zamin yaratilgan va aniq mexanizmlar nazarda tutilgan.
Davra suhbati ishtirokchilari bu muhim vazifani amalga oshirish uchun barcha manfaatdor vazirlik va idoralarning, asosiysi, fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlarini safarbar qilish lozimligini alohida ta’kidladilar. Zero, Yangi O‘zbekiston – inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlatdir.
Qizg‘in va konstruktiv ruhda o‘tgan davra suhbati yakunida “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonidan kelib chiqqan inson qadrini ulug‘lash va manfaatlarini to‘liq ta’minlash bilan bog‘liq maqsadlarni amalga oshirishda Oliy Majlis oldida turgan dolzarb vazifalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 04.02.2022
- Ko'rishlar: 2713
- Chop etish