Xalqaro birodarlik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekistonning madaniyatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash bo‘yicha tajribasi taqdim etildi

 NYU-YORK, 5 fevral. /“Dunyo” AA/. Kecha Nyu-Yorkda BMT Tamaddunlar alyansi tomonidan Xalqaro birodarlik kuni munosabati bilan videoanjuman shaklida tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 

Tadbirda tashkilotga aʼzo qator davlatlarning doimiy vakillari, taniqli din va jamoat arboblari qatnashdi.

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov mamlakatimizning diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, turli konfessiyalarning tinch-totuv yashashi borasidagi boy tajribasi haqida batafsil maʼlumottaqdim qildi. Unda mamlakatimizda yashayotgan barcha xalqlarning diniy erkinligini taʼminlash, madaniyati, anʼana va urf-odatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish borasida mustahkam normativ-huquqiy asos yaratilgani maʼlum qilindi.

Ko‘p tomonlama forum ishtirokchilari O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan ushbu yo‘nalishdagi hamkorligining bugungi  holati bilan ham tanishtirildi. BMT din va eʼtiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahidning 2017 yil oktyabr oyida mamlakatimizga amalga oshirilgan muvaffaqiyatli tashrifi maʼlum qilindi.

O‘zbekistonning BMT maydonida diniy bag‘rikenglik masalalarini targ‘ib etishga qo‘shgan ulkan hissasi taʼkidlandi. 2018 yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan «Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasining bir ovozdan qabul qilingani alohida qayd etildi.  Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga ko‘maklashish, savodsizlik va jaholatga barham berishdan iborat. U bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni targ‘ib qilish, din erkinligini taʼminlash, dindorlarning huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishining oldini olishga qaratilgan.

O‘zbekistonning BMT, tashkilotga aʼzo davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan dinlararo totuvlik va bag‘rikenglikni muhofaza qilish va targ‘ib qilishda yaqin hamkorlikka sodiqligi tasdiqlandi.

Xalqaro birodarlik kuni 2021 yildan beri nishonlanmoqda. Uning asosiy maqsadi dinlararo va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, insonlar o‘rtasida tinchlik, bag‘rikenglik, birdamlik va hamjihatlik madaniyatini mustahkamlashdan iborat.

Powered by GSpeech