O‘zbekiston — Turkiya : parlamentlararo aloqalar yanada rivojlanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisining Imkoniyatlarda gender tenglik komissiyasi raisi Fatma Aksal boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida A.Saidov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida delegatsiya a’zolariga mamlakatimizda so‘nggi besh yilda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, har tomonlama puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, bugun respublikamizda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani haqida so‘zlab berildi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Turkiya parlamenti bilan parlamentlararo muloqotni turli darajada faollashtirish tarafdori. Bu borada mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar muntazam ravishda rivojlanayotgani quvonarli holatdir.

Mamlakatlarimizni tarixiy aloqalar, madaniy va diniy rishtalar hamda an’analar va ma’naviy qadriyatlar yaqinligi bog‘lab turadi. Joriy yilning 4 mart kuni O‘zbekiston-Turkiya diplomatik munosabatlarining o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladigan bo‘lsa, 2021 yil Turkiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olinganiga 30 yil to‘ldi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik shaklida sezilarli darajada rivojlanib borayotgani, mintaqalar o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada jonlanib, muntazamlik kasb etib borayotgani qayd etildi.

Tomonlar so‘nggi yillarda har ikkala mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on say’-harakatlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilganini alohida ta’kidladilar.

Muloqot yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech