FRANKFURT-MAYN, 8 fevral. /«Dunyo» AA/. Germaniyaning “Rusverlag.de” axborot portalida O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi formati doirasidagi parlamentlararo hamkorlik munosabatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda qayd etilganidek, “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasining 15-yig‘ilishida Oliy Majlis va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilingan.
Yevroparlament vitse-prezidenti Xaydi Xautal qalamiga mansub ushbu maqolada tomonlar pandemiya sharoitida o‘zaro hamkorlik masalalarini, keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish borasida O‘zbekistonda erishilgan muvaffaqiyatlar hamda investitsiya muhitini muhokama qilishgani barobarida o‘zaro iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, mintaqalararo bog‘liqlikni rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish, sayyohlik va ta’lim sohasidagi almashuvni rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
«Evropa Ittifoqi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, hamkorlikni faollashtirish, iqlim o‘zgarishi kabi tahdidlarga qarshi kurashish, shuningdek, odamlar o‘rtasidagi aloqalarini kengaytirishdan manfaatdordir. Bugungi kun tartibi bizning hamkorligimiz ko‘lamini aks ettiradi, uni yanada mustahkamlashimiz kerak. Shu bilan birga, unda biz bajarishimiz kerak bo‘lgan ishlar ko‘lami ham aks etgan», deb yozadi muallif.
“Rusverlag.de” axborot portali «O‘zbekiston- Yevropa Ittifoqi» parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasi hamraisi Akmal Saidovning “O‘zbekiston ochiq ichki va tashqi siyosat yuritish, muvozanatli parlament diplomatiyasi, inson huquqlari va so‘z erkinligini ta’minlash sohasida xalqaro maydonda haqli ravishda e’tirof qozonmoqda. Bryusseldagi ushbu uchrashuv esa buning yorqin tasdig‘idir”, deb aytgan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.
- Qo'shildi: 08.02.2022
- Ko'rishlar: 3168
- Chop etish