Nogironlik muammolari bo‘yicha Global sammitda O‘zbekiston vakillari ishtirok etadi

Joriy yilning 16-17 fevral kunlari Nogironlik muammolari bo‘yicha ikkinchi Global sammit (GDS22) bo‘lib o‘tadi. Kornavirus pandemiyasi bilan bog‘liq sharoitlarni hisobga olgan holda, ushbu xalqaro tadbir onlayn shaklda tashkil etilmoqda.

Sammitda davlat boshliqlari va hukumat rahbarlari, aloqador vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari, xususiy sektor vakillari va fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etishi kutilmoqda.

Global sammitni o‘tkazishdan maqsad – BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari prinsipiga muvofiq, inklyuziv taraqqiyot talablarini ilgari surishdan iborat. Bu, o‘z navbatida, imkoniyati cheklangan insonlar hayotida aniq va amaliy o‘zgarishlar yuz berishiga xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan Norvegiya va Gana hukumatlari hamda Nogironlik muammolari bo‘yicha xalqaro alyans (IDA) O‘zbekiston tomonini Nogironlik muammolari bo‘yicha ikkinchi Global sammit ishida qatnashishga taklif etdi.

Xalqaro anjumanda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari onlayn tarzda qatnashadi.

 Ma’lumot uchun: Nogironlik muammolari bo‘yicha birinchi Global sammit (GDS18) 2018 yilda bo‘lib o‘tgan. Buyuk Britaniya va Keniya tomonidan tashkil etilgan xalqaro anjumanda 171 mamlakat, xalqaro tashkilotlar, fondlar va fuqarolik jamiyati vakillari qatnashgan.

O‘sha sammit ishtirokchilari imkoniyati cheklangan insonlarni jamiyat hayotiga uyg‘unlashtirishga qaratilgan 968 ta alohida majburiyatni o‘z zimmasiga olgan. Eng muhimi, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan O‘zgarishlar xartiyasi qabul qilingan. Xartiyani dunyo mamlakatlari hukumatlari va tashkilotlarining 300 dan ortiq mutasaddisi imzolagan.

  

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech