2022 yil 11 fevral kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasi hamda Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborot berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov ishtirok etgan tadbirda deputatlar, Inson xuquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari xodimlari hamda OAV vakillari qatnashdi.
Hisobot davrida Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlat fuqarolari, ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari hamda boshqa yuridik shaxslardan 18 ming 738 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 39,6 foizi – fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 29,9 foizi – ijtimoiy, 24,3 foizi – iqtisodiy, 5,6 foizi – siyosiy, 0,6 foizi – ekologik huquqlarga tegishlidir.
Shuningdek, Ombudsman tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 39 ta qonun loyihasi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining 141 ta moddasiga taklif va mulohazalar bildirilgan.
Vakil tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi hamda inson huquqlarining ta’minlanganligi bo‘yicha bir qator monitoring tadbirlari o‘tkazilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining BMT organlari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Milliy huquqni himoya qilish muassasalarining Global alyansi, USAID, Xalqaro qamoqxonalar islohotining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi kabi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi faol rivojlanmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.02.2022
- Ko'rishlar: 2608
- Chop etish